add

Qashqadaryoda bog‘chaga olib ketilgan 2,5 yoshli qiz vafot etdi

26.06.2025 | 17:207294

Qashqadaryoda xususiy bog‘chaga olib ketilgan 2,5 yoshli qizaloq vafot etdi — prokuratura tekshiruv boshladi.

Qashqadaryoda bog‘chaga olib ketilgan 2,5 yoshli qiz vafot etdi
Qashqadaryo viloyati Koson tumani Ushoqtepa mahallasidagi xususiy bog‘chada 2,5 yoshli qizaloq vafot etdi. Bosh prokuratura matbuot kotibi hayot Shamsutdinovga ko‘ra, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Kun.uz'ning qayd etishicha, hodisa 2025 yil 20 iyun kuni Lola Haqnazarovaga tegishli xususiy bog‘chada sodir bo‘lgan. 2,5 yoshli Zarina Izzatillayevani ertalab Lola Haqnazarova o‘zining «Spark» rusumli yengil avtomobilida uyidan bog‘chaga olib ketgan. Ko‘p o‘tmay, uning yaqinlariga qizaloqning tobi bo‘lmay qolgani haqida xabar berilgan. «Otasi Rossiyada edi. Onasi bilan poliklinikaga bordik. Shifokorlar bolada hayot nishoni yo‘q edi, deyishdi va u ekpertizaga olib ketilganini aytishdi. Uyga borib kutib o‘tirdik. Keyin xabar bo‘lgach ekspertizadan murdasini olib keldik. Bizga bola mashinada qolib, dimlanib o‘lgan, deyishdi. Bizni hozircha hech kim hech qayerga chaqirgani yo‘q», — degan qizaloqning buvisi. Buviga ko‘ra, bolalarni bog‘cha rahbari Lola Haqnazarovaning o‘zi har kuni Spark mashinasida uydan bog‘chaga, bog‘chadan uyga tashigan. O‘sha kuni ham Zarinani bog‘chaga u mashinada olib ketgan. Qizning buvisiga ko‘ra, o‘sha paytda mashinada 7-8 nafar bola bo‘lgan. Hayot Shamsutdinovga ko‘ra, marhuma qizning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. «Tekshirish harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilishi va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi», — dedi Prokuratura rasmiysi.

Teglar

Mavzuga oid