add

Qatar o‘zbekistonlik jarrohlarga «oltin viza» taklif qilmoqda

Bugun 18:285612 daqiqa

Qatar o‘zbekistonlik malakali mutaxassislarni, ayniqsa jarrohlarni ishga jalb etish tartibini yanada soddalashtirishni rejalashtirmoqda.

Qatar o‘zbekistonlik jarrohlarga «oltin viza» taklif qilmoqda

Qatar davlati o‘zbekistonlik yuqori malakali kadrlarni, jumladan, jarroh mutaxassislarni jalb qilish uchun Golden Visa («oltin viza») taqdim etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Masala Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida muhokama qilingan, deb xabar qilmoqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati.

Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev Qatarning Jusour rekruting kompaniyasi bosh direktori Abdulhadi Baxit Barkan bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar yil boshida imzolangan kelishuv ijrosi doirasida O‘zbekistondan Qatarga malakali kadrlarni jalb qilish jarayonlarini yanada soddalashtirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Uchrashuvda Qatar mehnat bozorida ayrim sohalarga talab yuqori ekani ta’kidlandi. Xususan, hamshiralik, qurilish, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiya yo‘nalishlarida kadrlarga ehtiyoj katta ekani qayd etildi. Shu bilan birga, jarroh mutaxassislar uchun alohida imtiyoz sifatida Golden Visa taqdim etish rejasi bildirildi.

Muzokaralar davomida Qatarning Tawzeef raqamli ishga joylashtirish platformasini O‘zbekiston Migratsiya agentligining xorijdaish.uz platformasi bilan integratsiya qilish imkoniyati ham muhokama qilindi. Bu orqali nomzodlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada tezlashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilda Tawzeef platformasida Duty Free savdo tarmog‘i hamda Qatar Airways kompaniyasidagi bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha e’lonlar joylashtirilgan. O‘zbekiston tomonidan tavsiya etilgan nomzodlarning rezyumelari ushbu platformaga yuklangan va ish beruvchilar tanlovidan o‘tgan mutaxassislar hozir suhbat bosqichiga o‘tgan.

Qatar tomoni Migratsiya agentligining mutaxassislarni xorijda ishlashga tayyorlash bo‘yicha tajribasini yuqori baholab, ushbu yondashuv Qatar mehnat bozori uchun ham samarali bo‘lishini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid