
Qirg‘iziston voyaga yetmaganlarning xorijda diniy ta’lim olishini cheklamoqchi
Xorijga diniy ta’lim uchun yuborilgan bolalarning ota-onalari ma’muriy javobgarlik va jarimaga tortilishi mumkin.

Qirg‘izistonda 18 yoshga to‘lmagan fuqarolarning diniy ta’lim olish maqsadida xorijga chiqishini taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Loyiha Bolalar kodeksi, “Tashqi migratsiya to‘g‘risida”gi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunlarga bir vaqtning o‘zida o‘zgartish kiritishni nazarda tutadi.
Loyihada voyaga yetmagan shaxsni diniy ta’lim olish maqsadida chet elga yuborgan ota-onalar va boshqa shaxslar huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladigan qoida kiritilmoqda.
Shuningdek, bolalarni «Qirg‘iziston xalqi uchun noan’anaviy va begona bo‘lgan diniy oqimlar ta’siridan» himoya qilish maqsadida migratsiya va ta’lim qonunchiligida voyaga yetmaganlarning diniy ta’lim olish uchun chet elga chiqishini taqiqlashni mustahkamlash taklif etilmoqda.
Loyiha doirasida yana bir qator muhim o‘zgarishlar taklif qilinmoqda. Jumladan, diniy tashkilotlar va faoliyat sub’ektlarining davlat reyestrini yaratish, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish mexanizmlarini aniq belgilash, internet va OAVdagi diniy materiallar ustidan nazoratni kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, islomiy moliyaviy mahsulotlarni rasmiy muftiylik yoki diniy organ bilan majburiy kelishish tartibi joriy etilishi mumkin.
Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun Din ishlari va millatlararo munosabatlar milliy agentligi tomonidan e’lon qilindi.





