
Qo‘qonda «Hizb ut-Tahrir»ning yashirin guruhi fosh etildi
12.06.2025 | 12:007562
Tezkor tadbir davomida guruh a’zolari qo‘lga olindi.
Qo‘qon shahrida «Hizb ut-Tahrir» ekstremistik tashkilotiga aloqador yashirin guruh faoliyati Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida to‘xtatildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu guruhni avval ham «Hizb ut-Tahrir» faoliyati uchun javobgarlikka tortilgan, ozodlikdan mahrum etilgan fuqaro tuzgan. U 1965–1971 yillarda tug‘ilgan to‘rt kishi bilan birga 2024–2025 yillarda Qo‘qon shahrida choyxona va oshxonalarda yig‘ilishlar o‘tkazib, diniy ekstremistik g‘oyalarni tarqatib kelgan.
Guruh a’zolari Telegramʼdagi yopiq kanallar orqali «Hizb ut-Tahrir» materiallarini muntazam tarzda o‘rgangani aniqlangan.
Ayni paytda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 159, 244¹ va 244²-moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda DXX tomonidan yer uchastkalarini noqonuniy sotishga uringan fuqarolar ham qo‘lga olingan edi.





