
Qo‘qondagi Indorama zavodida ammiak sizib chiqishi yuz berdi
17.05.2025 | 08:1636252
Qo‘qondagi Indorama Kokand Fertilizers & Chemicals zavodida ammiak chiqib ketdi. Hodisa oqibatida 10 ga yaqin kishi shifokorga murojaat qilgan. Zavoddagi barcha xodimlar evakuatsiya qilindi, vaziyat nazoratga olindi.

Farg‘ona viloyatida joylashgan Indorama Kokand Fertilizers & Chemicals zavodida 16 may kuni kechqurun ammiak chiqishi yuz berdi. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, suyuq ammiakni temir yo‘l sisternasidan maxsus saqlagichga uzatish paytida shlang uzilib, moddaning taxminan 10 foizi yerga oqib tushgan. Bu holat korxona hududida yuz bergan.
Hodisa joyiga Milliy gvardiya harbiylari, hududiy IIB va FVV bo‘limlari yetib bordi. Zavod xodimlari va yaqin joyda bo‘lgan fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilindi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 10 ga yaqin shaxs shifokorlarga murojaat qilgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi esa 7 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan so‘ng uylariga javob berilganini ma’lum qildi.
Zavodga olib boruvchi yo‘llar vaqtincha yopilgan. Hozirga kelib ammiak sizib chiqishi to‘liq bartaraf etilgan va aholiga xavf yo‘qligi bildirilmoqda. Rasmiylar fuqarolarni ovozalarga ishonmaslikka va xotirjamlikni saqlashga chaqirmoqda.





