
Qor sabab bir nechta reyslar Namangan aeroportiga qo‘na olmadi
Farg‘ona vodiysidagi noqulay ob-havo sharoiti (kuchli qor yog‘ishi) tufayli bir nechta reyslar muqobil aerodromlarga yo‘naltirilgan.

Farg‘ona vodiysi hududida kuzatilgan noqulay ob-havo sharoiti, jumladan kuchli qor yog‘ishi aviaqatnov xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatdi. Shu sabab bir qator aviareyslar belgilangan manzilga qo‘na olmay, muqobil aerodromlarga yo‘naltirilgan. Bu haqda Uzbekistan airports xabar berdi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, quyidagi yo‘nalishlarda o‘zgarish bo‘lgan:
— Air Samarkand aviakompaniyasining Jidda - Namangan yo‘nalishidagi 9S5010 reysi ekipaji Samarqanddagi muqobil aerodromga yo‘nalishga qaror qildi (mahalliy vaqt bilan soat 00:27 da qo‘ndi);
— Ural Airlines aviakompaniyasining Yekaterinburg - Namangan yo‘nalishidagi U62963 reysi ekipaji Samarqanddagi muqobil aerodromga yo‘nalishga qaror qildi (mahalliy vaqt bilan soat 00:40 da qo‘ndi);
— Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Samara - Namangan yo‘nalishidagi HY9806 reysi ekipaji Toshkentdagi muqobil aeroportga yo‘nalishga qaror qildi (mahalliy vaqt bilan soat 04:11 da qo‘ndi);
— FlyOne Asia aviakompaniyasining Madina - Namangan yo‘nalishidagi 7Q reysi ekipaji Toshkentdagi muqobil aeroportga yo‘nalishni o‘zgartirishga qaror qildi (mahalliy vaqt bilan soat 06:05 da qo‘ndi).
Ayni paytda Namangan xalqaro aeroporti odatiy rejimda ishlamoqda.





