
Qoraqalpog‘istonda 73,4 mlrd so‘mlik turizm zonasi barpo etilmoqda
03.07.2025 | 11:2027763
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumanida umumiy qiymati 73,4 mlrd so‘m bo‘lgan yangi turizm zonasi qurilishi boshlandi. Loyiha doirasida 3 ta mehmonxona, 20 ta o‘tov va restoranlar quriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumanida umumiy qiymati 73,4 mlrd so‘m bo‘lgan yangi turizm zonasi qurilishi boshlandi. Bu haqda Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmati ma’lum qildi.
Oqchaqo‘l sohilida amalga oshirilayotgan loyiha “Zarbdor tajribasi” asosida tashkil etilmoqda. Hududda to‘liq infratuzilma yaratilib, 3 ta mehmonxona va 18 ta mehmon uyi barpo etiladi. Shuningdek, 20 ta an’anaviy o‘tov, 2 ta restoran hamda boshqa turizm va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari joylashtirilishi rejalashtirilgan.
Loyihani 2025 yil dekabr oyida ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Natijada 75 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Mazkur hududda turistik salohiyatni oshirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va mahalliy iqtisodiyotni rag‘batlantirish maqsad qilingan.
Avvalroq, Qoraqalpog‘istonda Germaniya bilan hamkorlikda 2026 yilgacha xorijiy turistlar sonini 180 mingga, mahalliy turistlar sonini esa 1 millionga yetkazish bo‘yicha strategiya ishlab chiqilgani xabar qilingandi.
Shuningdek, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan Ellikqal’a, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlari turizmga ixtisoslashtirilishi belgilab berilgan. Bundan tashqari, «Toshkent–Samarqand–Buxoro–Xiva» turizm zanjiriga Qoraqalpog‘iston ham qo‘shilishi kutilayotgan bo‘lib, bunda te’zyurar poyezd qatnovlari muhim ahamiyat kasb etadi.





