add

Qozog‘iston banklarida «islomiy darchalar»ga ruxsat berish rejalashtirilmoqda

18.09.2025 | 22:4537025

Hozirgi kunda Qozog‘istonda ikkita islomiy bank mavjud: «Abu-Dabi tijorat banki» va mahalliy «Zaman Bank». Endi mazkur banklar bilan bir qatorda oddiy banklarda ham «islomiy darchalar» bo‘ladi.

Qozog‘iston banklarida «islomiy darchalar»ga ruxsat berish rejalashtirilmoqda
Qozog‘iston alohida islom banklaridan universal banklarga mavjud litsenziya doirasida «islomiy darchalar» formatida islom bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini berishga o‘tishni rejalashtirmoqda. «Hozirgi kunda Qozog‘istonda islomiy bank faoliyatini yuritishga faqat alohida islomiy bank tashkil etish orqali ruxsat beriladi. Qonun loyihasi («Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida») bilan universal banklarga mavjud litsenziya doirasida «islomiy darchalar» formatida islomiy bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini berish nazarda tutilgan», - deya ta’kidlanadi Qozog‘iston Moliya bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi xabarida. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Qozog‘istonda ikkita islom banki faoliyat yuritmoqda —chet el banki «Abu-Dabi tijorat banki» va Qozog‘istonning «Zaman Bank» banki. Ularning bank tizimi aktivlari va kredit portfelidagi umumiy ulushi 0,5 foizdan kamni tashkil etadi. «Islomiy darchalar» modeli banklarga alohida bank tashkil etish zaruratisiz o‘z tuzilmasida islomiy mahsulotlarni taklif etuvchi maxsus bo‘linmalar yaratish imkonini beradi. Ma’lumotda ta’kidlanishicha, bu model islomiy faoliyatni tashkiliy jihatdan ajratish, aktivlar va majburiyatlarni alohida hisobga olish va boshqarish, maxsus xodimlarni ajratish, shuningdek moliyaviy mahsulotlarni tasdiqlaydigan hamda audit o‘tkazadigan shariatga muvofiqlik kengashini tashkil etishni nazarda tutadi. Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu loyiha 16 sentyabr kungi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ko‘rib chiqildi. Majlisda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev mamlakatda islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun alohida litsenziya joriy etilishini bildirdi. Ushbu litsenziyaga ega banklar tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan moliya operatsiyalari ham aniq belgilab berilmoqda. Unga ko‘ra, mustaqil ravishda islomiy bank ochish yoki mavjud bank tarkibida islomiy xizmatlar ko‘rsatiladigan bo‘lim tashkil etish imkoni yaratiladi. Ushbu loyiha bilan Soliq va Fuqarolik kodekslari hamda yana 8 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Jumladan, qonunchilikka “islomiy bank”, “moliya operatsiyalari”, “islomiy moliya standartlari” va “investitsiyaviy depozit” kabi tushunchalarni kiritish ko‘zda tutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid