
«Qozog‘iston ham rossiyaliklar uchun kirishni cheklashi mumkin» — vazir jiddiy bayonot berdi
18.06.2025 | 21:2031502
Qozog‘iston Rossiya kirish tartibini kuchaytirganiga javoban rossiyaliklarga nisbatan o‘xshash cheklovlarni ko‘rib chiqmoqda. Ichki ishlar vaziri Yerjan Sadenovga ko‘ra, mamlakat milliy xavfsizlik va xalqaro amaliyotni inobatga olgan holda qat’iy qarorlar qabul qilishga tayyor.

Qozog‘iston Rossiya tomonidan fuqarolariga nisbatan kirish tartibini qattiqlashtirganiga javoban, rossiyaliklar uchun ham o‘xshash cheklovlarni joriy etishi mumkin. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vaziri Yerjan Sadenov jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.
«Choralar ko‘rilmoqda. Avvalo, mamlakat manfaatlarini ko‘zlab. Agar chet ellik Qozog‘istonga tashrif buyurmoqchi bo‘lsa – marhamat, ammo qonun talablariga muvofiq ravishda», - dedi vazir.
Rossiyada Qozog‘iston fuqarolari uchun RuID nomli mobil ilovadan foydalanish majburiy etilishi katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Sadenov Qozog‘istonda ham bunday raqamli yechimlar tayyor ekanini ta’kidladi: «Bizda barcha shart-sharoitlar yaratilgan, ilova bor».
Vazirning aytishicha, qarorlar qabul qilishda milliy qonunchilik bilan bir qatorda xalqaro tajriba ham inobatga olinadi.





