add

Qozog‘iston Orol dengizni tiklash ishlarini boshladi

08.09.2025 | 19:3038473

Qozog‘iston Orol dengizini qutqarish maqsadida Turkistondagi Ko‘ksaroy kontrregulyatorini tozalashga kirishdi va bahorda suv quyishni rejalashtirmoqda.

Qozog‘iston Orol dengizni tiklash ishlarini boshladi
Qozog‘istonning Turkiston oblastdagi Ko‘ksaroy kontrregulyatori bosh gidrotexnika inshootini qum va loydan tozalash ishlari boshlandi. Bu haqda mamlakat Suv xo‘jaligi va irrigatsiya vazirligi 8 sentyabr kuni ma’lum qildi. Vazir Nurjan Nurjigitovning aytishicha, mazkur choralar bahor mavsumida qor erishidan hosil bo‘ladigan suvlarni xavfsiz o‘tkazish hamda ularni Orol dengizi va Qizilo‘rda viloyatidagi sug‘oriladigan yerlarga yo‘naltirish imkonini beradi. Uning ko‘ra, shu paytdan Ko‘ksaroy kontrregulyatoridan Sirdaryoning quyi oqimiga suv quyish jarayoni ham boshlanadi. Vazirlik ma’lumoticha, kontrregulyatorning suv sig‘imi 3 mlrd metr kubni tashkil etadi. Uning asosiy vazifasi – Sirdaryo havzasidagi toshqinlarni oldini olish, Shardara suv omboriga keladigan suv oqimini tartibga solish hamda mahalliy qishloq xo‘jaligi va ekotizimini barqaror suv bilan ta’minlashdir. Ma’lumki, 1960-yillardan boshlab Amudaryo va Sirdaryo suvlari asosan sug‘orish ishlariga yo‘naltirilgani sababli Orol dengizi sathi keskin pasaygan. Bir paytlar dunyodagi to‘rtinchi katta ko‘l hisoblangan dengizning asosiy qismi hozir cho‘lga aylangan. Shu bois Qozog‘iston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur choralar mintaqadagi ekologik barqarorlik va suv ta’minoti uchun muhim ahamiyatga ega.

Teglar

Mavzuga oid

Qozog‘iston Orol dengizni tiklash ishlarini boshladi | Vaqt.uz