
Qozog‘istonda avtobus ag‘darilib, 2 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi
Aqtobe viloyatida ichida o‘zbekistonliklar bo‘lgan yo‘lovchi avtobusi ag‘darilib ketdi. FVV holat yuzasidan rasmiy axborot berdi.

Qozog‘istonning Aqtobe viloyatida yuz bergan yo‘l-transport hodisasida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, Yutong rusumli yo‘lovchi avtobusi 7-dekabr kuni respublika ahamiyatidagi avtomobil yo‘lining 1028-kilometrida ag‘darilib ketgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Perm—Toshkent yo‘nalishida harakatlangan avtobus Aytekebi tumanidagi yo‘l uchastkasidan o‘tar ekan, yon tomonga ag‘darilib ariqqa tushib ketgan. Hodisa vaqtida transport vositasida 49 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ulardan 5 kishi halok bo‘lgani tasdiqlandi, jumladan 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi borligi ma’lum qilingan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi marhumlarning jasadini O‘zbekistonga qaytarish, ularning dafn marosimlarini tashkil etish va oilalariga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida mas’ul idoralar bilan birgalikda ishchi guruh tuzganini bildirdi. Ayni paytda vazirlik xodimlari Qozog‘iston rasmiylari bilan doimiy muloqotda bo‘lib, hodisa sabablarini o‘rganishda hamkorlik qilmoqda.
Hodisaning aniq sabablari yuzasidan tergov harakatlari olib borilayotganini, avtobusning texnik holati, yo‘l sharoiti va haydovchi harakatlari to‘liq o‘rganilishi bildirilmoqda.





