add

Qurilish ob’ektlariga QR kodli pasport joriy etiladi

04.08.2025 | 09:401513

O‘zbekistonda barcha ro‘yxatdan o‘tgan qurilish ob’ektlarida QR kodli pasport majburiy tarzda o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda. Unda ob’ekt haqidagi asosiy ma’lumotlar jamoatchilik uchun ochiq taqdim etiladi.

Qurilish ob’ektlariga QR kodli pasport joriy etiladi
O‘zbekistonda qurilish ob’ektlariga QR kodli pasport joriy etish tartibi belgilangan nizom loyihasi e’lon qilindi. Ushbu talablar davlat siriga oid ob’ektlardan tashqari, hududiy nazorat inspeksiyalarida ro‘yxatdan o‘tgan barcha qurilish ob’ektlariga tatbiq etiladi. Nizomga ko‘ra, QR kodli pasport ob’ekt ro‘yxatdan o‘tgan kuniyoq buyurtmachi tomonidan ob’ektning kirish qismi yoki hamma ko‘ra oladigan joyga o‘rnatiladi. Pasport buyurtmachi hisobidan tayyorlanadi va unda ob’ekt nomi va manzili, buyurtmachi, loyiha va pudrat tashkilotlari haqida ma’lumotlar, nazoratchilarning F.I.Sh. va xizmat telefonlari, qurilish muddati, umumiy ko‘rinish, bosh tarx va qirqimlar, shuningdek «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimiga havola beruvchi QR kod aks etadi. QR kodli pasport qurilish tugallanib, ob’ekt foydalanishga topshirilgunga qadar amalda bo‘lishi shart. Pasport namlik va tashqi ta’sirlarga chidamli materialdan tayyorlanib, 2400x1200 mm o‘lchamda va yer sathidan kamida 1 metr balandlikda o‘rnatilishi lozim. Barcha ma’lumotlar «O‘zbekiston davlat tili to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq davlat tilida beriladi. Agar pasport tashqi ta’sirlardan yoki boshqa sabablardan yordamsiz holatga kelsa, uni yangilash va qayta tiklash buyurtmachi zimmasiga yuklanadi. Ushbu yangilik qurilish jarayoni shaffofligini ta’minlash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid