
Rohinja qatliomi: BMT sudi so‘nggi o‘n yilda ilk bor genotsid ishini ko‘rib chiqishni boshladi
Bugun Gaagada butun dunyo e’tiborida bo‘lgan tarixiy sud jarayoni boshlandi. BMT Xalqaro sudi rohinja musulmonlariga nisbatan sodir etilgan genotsid ayblovini to‘liq hajmda ko‘rib chiqishga kirishdi.

2026 yil 12-yanvar kuni BMTning oliy sud organi hisoblangan Xalqaro sud Myanmaga qarshi qo‘zg‘atilgan genotsid ishini ko‘rib chiqishni rasman boshladi. Ushbu ish Myanma hukumatining roxinja musulmon ozchiligiga nisbatan amalga oshirgan harakatlari xalqaro huquq normalariga zid ekani haqidagi ayblovlarga bag‘ishlangan. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.
Bu jarayon BMT sudi so‘nggi o‘n yil ichida to‘liq hajmda ko‘rib chiqayotgan ilk genotsid ishi sifatida tarixiy ahamiyat kasb etmoqda. Eshittirishlar uch hafta davom etishi rejalashtirilgan bo‘lib, ular Toshkent vaqti bilan soat 14:00 da boshlandi. Sud ilk bor ommaviy zo‘ravonlik qurbonlarining bevosita ko‘rsatmalarini eshitadi.
Biroq xavfsizlik va shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilish maqsadida sud majlislari jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari uchun yopiq formatda o‘tkazilmoqda.
BMTning Myanma bo‘yicha mustaqil tergov mexanizmi raisi Nikolas Kumjyan mazkur ish xalqaro huquq amaliyoti uchun muhim namuna bo‘lishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sud jarayoni genotsidni aniqlash, uni isbotlash mexanizmlari hamda davlatlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha yangi huquqiy yondashuvlarni shakllantirishi mumkin.
Mazkur ish 2019 yilda Gambiya tomonidan qo‘zg‘atilgan. Da’vo arizasida Myanma hukumati g‘arbiy Rakxayn shtatida roxinja xalqini ommaviy qatag‘on, quvg‘in va qirg‘inga uchratgani qayd etilgan. Ayblovlar inson huquqlarining qo‘pol ravishda buzilganini ko‘rsatuvchi dalillar bilan asoslangan.





