Rossiya 5 mingga yaqin o‘zbekistonlikni urushga yollagani ma’lum bo‘ldi

«Xochu jit» loyihasi Rossiya armiyasida jang qilayotgan o‘zbekistonliklar soni 4853 nafarga yetgani va bu Markaziy Osiyo davlatlaridan jalb qilish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich ekanligini ma’lum qildi.

Rossiya 5 mingga yaqin o‘zbekistonlikni urushga yollagani ma’lum bo‘ldi © myseldon

Ukrainaning «Xochu jit» (Yashashni xohlayman) loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi safida jang qilayotgan 4853 nafar O‘zbekiston fuqarosining shaxsiy ma’lumotlari aniqlangan. Bu Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Loyiha ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil holatida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolab, Ukrainadagi urushda ishtirok etgan yoki etayotgan Markaziy Osiyo fuqarolarining umumiy soni 12 666 nafarni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich bir yil ichida ikki barobardan ko‘proqqa oshgan.

O‘zbekistondan keyingi o‘rinda Tojikiston turibdi — 3407 nafar fuqaro Rossiya armiyasida jang qilayotgani qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston (2389 nafar), Qirg‘iziston (1439 nafar) va Turkmaniston (578 nafar) joylashgan.

2025 yilda ushbu loyiha Markaziy Osiyo davlatlaridan yollangan shaxslarning nomma-nom ro‘yxatini bir necha bor e’lon qilgan edi. O‘sha vaqtda jami 5740 nafar yollanma haqida ma’lumot bor edi. Oradan bir yil o‘tib, bu raqam keskin o‘sgani qayd etilmoqda.

2025 yil oktabrida e’lon qilingan so‘nggi ro‘yxatda o‘zbekistonliklar soni 2715 nafarni tashkil etgan. Bu esa keyingi davrda jalb etilish sur’ati tezlashganini ko‘rsatadi.

Boshqa davlat armiyasiga yollanganlik uchun qonuniy javobgarlik bor

O‘zbekiston rasmiy idoralari fuqarolarni xorijdagi harbiy harakatlarda ishtirok etishdan bir necha bor ogohlantirgan. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bunday harakatlar jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Xususan, Jinoyat kodeksining 154-moddasiga muvofiq, yollanish 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Shuningdek, 154−1-moddaga ko‘ra, chet davlatlarning harbiy xizmatlariga kirish ham jarima yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan tugashi mumkin.

Ukraina tomoni esa mazkur masala bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan. Xususan, Aleksandr Mishenko har bir holatni alohida ko‘rib chiqish va aholini yollanish xavfidan ogohlantirish muhimligini ta’kidlagan.

Teglar

Mavzuga oid