Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar faoliyatiga oid yangi qonun kuchga kirmoqda
Endi boshqaruv kengashi a’zolarining javobgarligi kuchayib, filiallar ochish va qarorlar qabul qilish tartibi ancha soddalashadi.

Bugun, 21-aprel kuni Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Yangi tahrirdagi «Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida»gi qonun davlat rahbari tomonidan imzolandi.
Qayd etilishicha, ushbu Qonun bilan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv tizimi joriy etilmoqda, sohadagi huquqiy bo‘shliqlar bartaraf etilmoqda hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqiy kafolatlari yanada kuchaytirilmoqda.
Ushbu Qonun jami 71 ta moddadan iborat bo‘lib, rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kirishi belgilanmoqda.
Qonunda bir qator yangiliklar nazarda tutilgan. Jumladan:
1) Jamiyat kuzatuv kengashining vakolatlari hamda kengashi a’zolarini saylash tartibi belgilanmoqda. Bu orqali, kelgusida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizoli holatlarni oldini olish ko‘zlangan.
2) Jamiyat kuzatuv kengashining qarorlari sirtdan ovoz berish yo‘li bilan (so‘rov yo‘li bilan) qabul qilish tartibi aniq belgilanmoqda.
3) Qonunning yana bir muhim yangiliklardan biri, bu xalqaro korporativ boshqaruv amaliyotida mavjud bo‘lgan jamiyatning kuzatuv kengashi a’zolarining, yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi va kollegial ijro etuvchi organlarining fidutsiar majburiyatlari belgilanganligi hisoblanadi.
4) Qonun bilan jamiyat nafaqat litsenziya, balki boshqa ruxsat etuvchi hujjatlar va xabardor qilish tartibida faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkinligi belgilanmoqda. Bu esa, ular tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat turlari sonini oshiradi.
5) Amaldagi qonunchilikda mavjud bo‘lmagan jamiyatlarning filiali va vakolatxonalarini, sho‘’ba va qaram xo‘jaliklarini ochish tartiblari alohida modda sifatida belgilanmoqda.





