«Etihad Airways» Toshkentdan Abu Dabiga parvozlarni yo‘lga qo‘yadi
17-avgustdan «Etihad Airways» Toshkent va Abu Dabi o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi.
© etihad.comBAA milliy aviakompaniyasi «Etihad Airways» O‘zbekistonga parvozlarni tiklash bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, kelishuv transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev hamda aviakompaniyaning bosh operatsion direktori Majed Al-Marzuki o‘rtasidagi uchrashuvda imzolangan. Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi aviaaloqalar holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilgan.
Muzokaralar yakuniga ko‘ra, 2026 yil 17-avgustdan Toshkent – Abu Dabi – Toshkent yo‘nalishida muntazam reyslar yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar qayta tiklanadi.
Boshqa davlatlarga chiqish imkonini yaratadi
Yangi reyslar O‘zbekistondan sayohat qiluvchilar uchun xalqaro parvoz imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi. Xususan, Abu Dabi orqali tranzit yo‘lovchilar Yevropa, Osiyo, Avstraliya, Afrika va Shimoliy Amerikadagi ko‘plab yo‘nalishlarga chiqish imkoniga ega bo‘ladi.
Aviakompaniya ma’lumotiga ko‘ra, ushbu xab orqali 70 dan ortiq xalqaro manzilga qulay ulanishlar taklif etiladi. Bu esa O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi turizm, biznes va investitsiya aloqalarini yanada faollashtirishi kutilmoqda.
Shuningdek, tomonlar kelgusida reyslar geografiyasini bosqichma-bosqich kengaytirish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqqan. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi transport hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil iyul oyida «Etihad Airways» 2026 yil mart oyidan Toshkent (O‘zbekiston), Olmaota (Qozog‘iston), Tbilisi (Gurjiston), Boku (Ozarboyjon), Yerevan (Armaniston), Buxarest (Ruminiya) va Madina (Saudiya Arabistoni) yo‘nalishida parvozlarni yo‘lga qo‘yishini ma’lum qilgan. Bu shaharlar o‘zining madaniy boyligi, sayyohlik salohiyati va parvozlarga bo‘lgan tobora ortib borayotgan talab bilan tanlangan.
Keyinchalik, oktabr oyida Etihad Airways Abu-Dabi—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni 2026 yil mart oyidan haftasiga olti marta amalga oshirilishini ma’lum qilgan.





