Ilon Mask IPO arafasida «SpaceX» aksiyalarini 1,4 mlrd dollarga sotib oldi
Yangi tuzilma Maskning boshqaruvdagi ustun pozitsiyasini saqlab qolishga qaratilgan.
© forbes.comIlon Mask o‘zining aerokosmik kompaniyasi «SpaceX»dagi ulushini oshirish maqsadida 1,4 mlrd dollar sarflab, amaldagi va sobiq xodimlardan aksiyalarni qaytarib sotib olgan, deb xabar beradi «Reuters».
Xarid bo‘yicha ma’lumotlar
«SpaceX» aksiyalarini ikkillamchi bozorda sotib olish haqidagi ma’lumot kompaniyaning maxfiy IPO prospekti loyihasida ochiqlangan, deb xabar beradi «Reuters». Kutilayotgan Uoll-strit listingi doirasida kompaniya taxminan 1,75 trln dollarga baholanishi va 75 mlrd dollargacha mablag‘ jalb qilishi mumkin. Bu esa joylashtirishni tarixdagi eng yiriklaridan biriga aylantirishi ehtimoldan holi emas.
Shuningdek, «The Information» ma’lumotiga ko‘ra, «SpaceX» rag‘batlantirish rejasini tasdiqlagan bo‘lib, unga muvofiq Ilon Mask kompaniya bozor qiymati 6,6 trln dollarga yetganda va sun’iy intellekt uchun orbital data-markazlar loyihasi amalga oshirilganda qo‘shimcha 60 mln aksiya oladi.
Bu aksiyalar har safar bozor qiymati 500 mlrd dollarga oshganda bosqichma-bosqich beriladi. Ilon Maskning kompaniyadagi o‘tgan yilgi maoshi 54 080 dollar bo‘lgani ham «Reuters» tomonidan qayd etilgan.
IPO arizasidan yana nimalar ma’lum bo‘ldi?
«SpaceX» IPO tuzilmasini shunday shakllantirmoqdaki, u Ilon Maskning kompaniya ustidan nazoratini saqlab qoladi. «Reuters» ma’lumotiga ko‘ra, ikki sinfli aksiyalar tizimi joriy etiladi: har biri 10 ta ovozga ega «B» sinf aksiyalari asosan kompaniya egasi va insayderlar qo‘lida bo‘ladi, investorlar esa bitta ovozga ega «A» sinf aksiyalarini oladi.
Hujjatlarda, shuningdek, aksiyadorlarning direktorlar kengashi saylovlariga ta’sir qilish yoki ayrim sud da’volarini kiritish imkoniyatlarini cheklovchi qoidalar ham mavjud. Ilon Mask kompaniyada bosh direktor va texnik direktor lavozimlarida qoladi, shuningdek, to‘qqiz kishidan iborat direktorlar kengashiga rahbarlik qiladi.
Hujjatlar kompaniyaning moliyaviy holatiga ham oydinlik kiritadi, ayniqsa raketalar biznesi «xAI» bilan birlashtirilgandan keyingi davrda. Birlashgan tuzilma 2025-yilni taxminan 24,8 mlrd dollar naqd mablag‘, 92 mlrd dollar aktiv va 50,8 mlrd dollar majburiyatlar bilan yakunlagan.
«SpaceX» 4,94 mlrd dollar zarar ko‘rgan (oldingi yilda 791 mln dollar foyda bo‘lgan). Bu, asosan, so‘nggi ikki yilda kapital xarajatlarning qariyb besh baravar oshgani bilan bog‘liq bo‘lib, ularning yarmidan ko‘pi sun’iy intellektga sarflangan.
Shu bilan birga, kompaniya daromadi 14,02 mlrd dollardan 18,67 mlrd dollargacha o‘sgan. Xarajatlarning katta qismi «Starlink» sun’iy yo‘ldosh internet biznesi hisobidan moliyalashtirilgan: u 4,42 mlrd dollar operatsion foyda keltirgan, biroq umumiy kapital xarajatlarning to‘rtdan biridan kam qismini tashkil etgan.





