«Giyohvandlikka qarshi kurash – bu faqat bir davlatning emas, balki butun insoniyatning umumiy mas’uliyati» — Shavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan «Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish» mavzusidagi xalqaro forum ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi.
© prezident.uzShavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan «Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish» mavzusidagi xalqaro forum ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi.
Davlat rahbari o‘z nutqida bugungi kunda giyohvandlik va narko-jinoyatlar insoniyat uchun eng jiddiy transmilliy tahdidlardan biriga aylanganini ta’kidladi.
Prezident so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy texnologiyalar, shifrlangan aloqa vositalari va raqamli moliyaviy instrumentlardan foydalanish narkotiklar savdosini yanada murakkablashtirmoqda. Ayniqsa, sintetik narkotiklar va psixotrop moddalar tarqalishining ortishi aholi, xususan, yoshlar orasida jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Milliy choralar kuchaytirildi
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda narko-jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 20 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi. 2024 yilda milliy strategiya tasdiqlanib, bu sohada tizimli islohotlar boshlandi. Natijada narkotiklar bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash 2,5 barobarga oshdi, musodara qilingan moddalar hajmi ikki barobarga ko‘paydi.
Faqat o‘tgan yilning o‘zida 15 mingdan ziyod narko-jinoyat fosh etildi, 3,5 tonna giyohvand moddalar yo‘q qilindi. Shuningdek, 14 ta yashirin laboratoriya va 72 ta internet-do‘kon faoliyatiga chek qo‘yildi.
Prezident yoshlar orasidagi holatga alohida to‘xtalib, jinoyatlarning uchdan biri aynan shu toifa hissasiga to‘g‘ri kelayotganini bildirdi. Bu esa profilaktika ishlarini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Xalqaro tashabbuslar ilgari surildi
Nutqda transmilliy narko-jinoyatlarga qarshi kurashish uchun bir qator yangi tashabbuslar taklif etildi. Jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o‘rtasida sun’iy intellekt asosida ishlaydigan yagona raqamli platforma yaratish taklifi ilgari surildi.
Shuningdek, kripto-birjalar uchun yagona identifikatsiya standartlarini joriy etish, noqonuniy moliyaviy oqimlarni aniqlash tizimini kuchaytirish va “xalqaro raqamli qora kod” mexanizmlarini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyo Narkologlar assotsiatsiyasini tashkil etish va uning bosh ofisini Samarqandda joylashtirish taklifi bildirildi.
Prezident ta’kidlaganidek, giyohvandlikka qarshi kurash faqat bir davlatning emas, balki butun dunyo hamjamiyatining umumiy vazifasidir. O‘zbekiston bu yo‘nalishda 50 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqda.
Forum yakunida qabul qilinishi kutilgan Samarqand deklaratsiyasi global xavfsizlik va jamoat salomatligini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. Davlat rahbari barcha sheriklarni amaliy harakatlarga chaqirib, bu kurashda qat’iyat bilan ishtirok etishga da’vat qildi.





