Toshkentning tungi faolligi nega faqat markaziy tumanlar bilan cheklanib qolmoqda?

Bugun 08:552 daqiqa

Tadqiqotga ko‘ra, poytaxtda soat 23:00 dan keyin biznes faolligi sezilarli darajada pasayadi. shuning uchun, tungi iqtisodiyot bo‘yicha hokim o‘rinbosari lavozimini joriy etish va dam olish kunlari metro ish vaqtini 01:00 gacha uzaytirish tavsiya etilmoqda

Toshkentning tungi faolligi nega faqat markaziy tumanlar bilan cheklanib qolmoqda?

Toshkent shahridagi 1587 ta ko‘ngilochar maskanning 75 foizi (1185 ta) kechki 20:00 dan keyin, 65 foizi (1029 ta) 22:00 dan keyin faoliyat yuritadi. Soat 00:00 ga kelib faqat 31 foiz (501 ta) obyekt o‘z ishini davom ettiradi. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tomonidan o‘tkazilgan yangi tadqiqotda ma’lum qilindi.

Tadqiqot doirasida «OpenStreetMap» ma’lumotlari asosida Toshkentdagi 1587 ta ko‘ngilochar va xizmat ko‘rsatish maskani tahlil qilindi. Unga ko‘ra, tungi faollikning asosiy qismi gastronomik maskanlar hissasiga to‘g‘ri keladi: kafelar (20,6 foiz), restoranlar (17,3 foiz) va fastfud shoxobchalari (14,6 foiz).

Hududiy taqqoslash

Tungi faollik asosan shahar markazida — Yakkasaroy (131 ta obyekt) va Mirobod (112 ta obyekt) tumanlarida to‘plangan. Shahar markazidan uzoqlashgan sari faollik so‘nadi. Xususan, Sergeli (36 ta), Bektemir (26 ta) va Yangihayot (15 ta) tumanlari «tungi falaj zonalar» deb ta’riflangan.

Ta’kidlanishicha, ushbu hududlarda tungi xizmatlarning yo‘qligi aholining markazga oqib kelishiga va natijada transport tizimiga ortiqcha yuklama tushishiga sabab bo‘lmoqda.

Cheklovchi omillar

MHTI ekspertlari tungi faollikni bo‘g‘uvchi asosiy omil sifatida jamoat transporti va xavfsizlik infratuzilmasini ko‘rsatmoqda.

Jumladan, poytaxtdagi 164 ta avtobus yo‘nalishining 108 tasi soat 23:00 gacha ishlaydi, metropoliten esa soat 00:00 da o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Bu tungi ishchilar va iste’molchilar uchun arzon transport imkoniyatini yo‘qqa chiqaradi.

Qolaversa, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari (SDGSAT-1) asosida o‘tkazilgan regressiya tahlili shuni ko‘rsatdiki, hududda yoritilganlik darajasining har 100 DN birlikka oshishi biznesning 22:00 dan keyin ishlash ehtimolini 23 foizdan 54 foizgacha oshiradi.

Rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar

London, Amsterdam va Shanxay kabi megapolislar tajribasiga tayangan holda, MHTI Toshkent uchun qator o‘zgarishlarni taklif etmoqda. Eng diqqatga sazovor taklif — Toshkent shahar hokimiyatida Tungi iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha hokim o‘rinbosari lavozimini joriy etishdir.

Shuningdek, dam olish kunlari metro ish vaqtini soat 01:00 gacha uzaytirish va Sergeli, Uchtepa, Bektemir kabi tumanlarni markaz bilan bog‘lovchi maxsus tungi avtobus yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish tavsiya etilgan.

Bundan tashqari, to‘rtta tumanni (Sergeli, Uchtepa, Yangihayot, Bektemir) markaz bilan bog‘lovchi tungi jamoat transporti yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish tavsiya etilgan. Shahar hududlarini tungi faollik darajasiga ko‘ra 3 ta toifaga ajratish va har biri uchun alohida dastur ishlab chiqish belgilangan.

24 soat ishlaydigan jamoat sanitariya nuqtalari (hojatxonalar), tungi navigatsiya belgilari va piyodalar yo‘laklarini to‘liq yoritish takliflari berilgan. Kechki va tungi vaqtda chiqindilarni yig‘ishning alohida rejimini joriy etish zarurligi ta’kidlangan.

Mavzuga oid

Toshkentning tungi faolligi nega faqat markaziy tumanlar bilan cheklanib qolmoqda? | Vaqt.uz