2025-yilda qaysi davlatlar eng ko‘p qurol sotib olgan?
2025-yilda global qurol importida Yevropa eng katta ulushni egallab, Ukraina va Polsha asosiy xaridorlar qatorida qayd etildi.
© fool.com2025-yilda jahonda qurol importi geografiyasida keskin o‘zgarishlar kuzatildi. SIPRI ma’lumotlariga ko‘ra, reytingda Saudiya Arabistoni 9,1 foiz ulush bilan yetakchilik qildi. Bu mamlakatning uzoq muddatli harbiy sarmoyalari va mintaqadagi beqarorlikka javobi sifatida baholanmoqda.
Ikkinchi o‘rinni Hindiston (8,6 foiz), uchinchi o‘rinni esa Ukraina (6,8 foiz) egalladi. Shuningdek, Polsha (6,5 foiz), Yaponiya (5,1 foiz) va Germaniya (4,9 foiz) ham eng yirik xaridorlar qatoriga kirdi.

Yevropada keskin o‘sish
2025-yilda Yevropa qurol importining 39,9 foizini tashkil etdi va bu eng yuqori mintaqaviy ko‘rsatkich bo‘ldi. Mutaxassislar bu holatni Rossiya–Ukraina urushi va xavfsizlikka oid xavotirlar kuchayishi bilan izohlamoqda.
Ayniqsa, Ukrainadagi urush tufayli mamlakatning harbiy ehtiyojlari keskin oshdi. Polsha va Germaniya ham o‘z mudofaa salohiyatini kengaytirish maqsadida katta hajmda qurol xarid qilmoqda.
Yaqin Sharq va Osiyoda talab yuqori
Yaqin Sharq mamlakatlari ham qurol bozorida faolligini saqlab qoldi. Saudiya Arabistonidan tashqari Qatar (3,1 foiz) va BAA (2,6 foiz) yuqori o‘rinlarda qayd etildi.
Osiyoda esa Hindiston bilan birga Indoneziya (3,8 foiz) va Filippin (2,5 foiz) qurol importini faol oshirgan davlatlar sifatida ajralib turdi.
Boshqa mintaqalar hissasi
Amerika qit’asida qurol importi ulushi 4,2 foizni tashkil etdi, AQSHning o‘zi 2,2 foiz ulush bilan ishtirok etgan. Afrika (2,1 foiz) va Okeaniya (2,5 foiz) mintaqalarida esa import nisbatan past darajada saqlanib qoldi.
Bu tendensiyalar geosiyosiy ziddiyatlar, xavfsizlikka tahdidlar va mintaqaviy nizolar bilan bevosita bog‘liq. Qurol bozoridagi faollikning oshishi global barqarorlikka ta’sir ko‘rsatishi mumkin.






