«Shinhan Bank» 18 yildan so‘ng O‘zbekiston bozoriga kirishga qaror qildi
Janubiy Koreyaning «Shinhan Bank»i 2000 yillar o‘rtalarida Markaziy Osiyo bozoriga kirishni rejalashtirgan edi. Bank 2008 yil yanvar oyida Qozog‘istonda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib, shu yilning oktabrida O‘zbekistonda ham bank ochishni mo‘ljallagan. Biroq jahon moliyaviy inqirozi tufayli bu rejalar amalga oshmay qolgandi.
© wsj.com«Shinhan Bank» O‘zbekiston moliya bozoriga kirish bo‘yicha amaliy qadamlarni boshladi. Bu haqda Pulse nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bank mamlakatda sho‘ba kompaniya ochish bo‘yicha ichki qaror qabul qilgan va yaqin vaqt ichida mahalliy regulyatorlarga ariza topshirishni rejalashtirmoqda.
Bu tashabbus «Shinhan Financial Group»ning xalqaro kengayish strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda. Loyiha guruh raisi Jin Ok-donning ikkinchi muddatidagi ilk yirik xorijiy investitsiyasi bo‘lishi mumkin.
Bozorga kirish rejalari
Manbalarga ko‘ra, bank O‘zbekistonda to‘liq qonuniy tuzilma – mahalliy bank tashkil etishni rejalashtirmoqda. Agar ruxsat berilsa, bu «Shinhan Bank»ning 11-xorijiy bo‘limi va Janubiy Koreya tijorat banklari orasida O‘zbekistonda birinchi to‘liq formatdagi bank bo‘ladi.
Tayyorgarlik ishlarining katta qismi allaqachon yakunlangan, shuningdek, asosiy masalalar regulyatorlar bilan kelishilgani aytilmoqda. To‘liq faoliyatni kelgusi yilda boshlash ehtimoli yuqori baholanmoqda.
18 yillik qiziqish va yangi imkoniyatlar
«Shinhan Bank»ning O‘zbekistonga qiziqishi 2008 yilda Qozog‘istonda bank ochilganidan keyin boshlangan. 2009 yilda Toshkentda vakolatxona tashkil etilgan. 2024 yilda esa bank mutaxassislari mamlakat moliya organlari bilan muzokaralarda ishtirok etgan.
Guruh rahbari Jin Ok-don o‘tgan yil aprel oyida O‘zbekistonga tashrif buyurib, bank ochish va keng qamrovli moliyaviy hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.
O‘zbekiston bozori jozibadorligi
Bank O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng istiqbolli bozorlardan biri deb baholamoqda. Qariyb 37 million aholi va o‘rtacha 29 yoshli demografiya moliya xizmatlariga yuqori talabni shakllantirmoqda.
Shuningdek, kreditlash va valuta operatsiyalariga ehtiyoj ortib borayotgani, foiz stavkalari taxminan 14 foiz atrofida ekani bozor jozibadorligini oshirmoqda.
Bank dastlab korporativ mijozlarga xizmat ko‘rsatishni, keyinchalik esa chakana segment, ipoteka va avtokredit yo‘nalishlarini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.





