Uyidan 13,5 tonna oltin va 23 tonna naqd pul topilgan mer o‘lim jazosiga hukm qilindi
Xitoyning Xaykou shahri meri o‘z faoliyati davomida taxminan 4,5 milliard dollar boylik to‘plagan. Qolaversa, kvartiralarida 13,5 tonna oltin va 23 tonna naqd pul topilgan.
© foto: XinhuaO‘z faoliyati davomida taxminan 4,5 milliard dollar boylik to‘plagan hamda kvartiralarida 13,5 tonna oltin va 23 tonna naqd pul topilgan Xitoyning Xaykou shahri meri Lo Szenbin o‘lim jazosiga hukm qilindi. Bu haqda MSN xabar berdi.
Lo Szenbin haqida
Lo Szenbin Janubiy Xitoyning Xaynan provinsiyasi poytaxti Xaykou shahrining sobiq partiya rahbari edi. Sichuanlik 59 yoshli amaldor o‘z faoliyatini 1990 yil iyul oyida boshlagan va 1993 yil iyun oyida Xitoy Kommunistik partiyasiga a’zo bo‘lgan. «ChinaDaily» nashrining xabariga ko‘ra, u faoliyati davomida o‘z ona provinsiyasida turli lavozimlarda, jumladan, Guan’an meri va Myanyan shahri partiya rahbari sifatida ham xizmat qilgan.
2022 yil yanvar oyida u Xitoy Kommunistik partiyasi Xaynan provinsiyasi qo‘mitasi ijroiya qo‘mitasi a’zosi va Xaykou shahar partiya qo‘mitasi kotibi bo‘ldi.
Jinoyat
Sud Lo Szenbin Sichuan va Xaynan provinsiyalaridagi lavozimlaridan foydalanib, tadbirkorlik faoliyati, shartnomalar tuzish, loyihalarni ilgari surish va mablag‘ ajratish kabi holatlarda manfaat ko‘zlaganini aniqladi. Buning evaziga u 317 million yuandan (46,22 million dollar) ortiq pora olgan.
Chenchjou o‘rta bosqich xalq sudi tomonidan e’lon qilingan hukmga ko‘ra, Lo umrbod siyosiy huquqlaridan mahrum etildi, uning barcha shaxsiy mol-mulki musodara qilindi. Uning noqonuniy daromadlari va unga tegishli foizlar musodara qilinib, davlat g‘aznasiga o‘tkaziladi.
Sud Loning xatti-harakatlari pora olish jinoyatini tashkil etishini va unga aloqador mablag‘larning «juda katta» miqdori hamda davlat va xalqqa yetkazilgan «nihoyatda ulkan» zarar tufayli u o‘lim jazosiga loyiq deb topilganini ta’kidladi.
Lo 2024 yil dekabr oyida tergovga tortilgan edi, 2025 yil may oyida esa partiyadan chetlashtirildi va davlat lavozimidan ozod etildi. Besh oy o‘tgach, unga pora olish aybi bilan rasmiy da’vo qo‘zg‘atildi.
Ma’lumot uchun, Xitoy ma’muriy tuzilishiga ko‘ra provinsiyalarga bo‘lingan. Provinsiya — bu mamlakatning eng yirik ma’muriy-xududiy birligi bo‘lib, maqomi jihatidan bizdagi viloyat tushunchasiga to‘g‘ri keladi. Xitoyda jami 23 ta provinsiya mavjud bo‘lib, ularning har biri o‘z mahalliy hukumatiga ega.




