«O‘zbekneftgaz» futbol klublariga yordamni tugatdi

Bugun 17:472 daqiqa

«O‘zbekneftgaz» 1-yanvardan boshlab futbol klublarini moliyalashtirishni to‘liq to‘xtatdi – avval bu maqsadga yiliga 200–300 mlrd so‘m ajratilar edi.

«O‘zbekneftgaz» futbol klublariga yordamni tugatdi

«O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati 3 ta futbol klubiga yiliga 200-300 milliard so‘m atrofida mablag‘ ajratar edi. 1-yanvardan bu birdaniga to‘xtatildi. Bu haqda bugun, 20-aprel kuni AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Suhrob Hamroyev matbuot anjumanida ma’lum qildi.

«Bizlarda oxirgi marta shu 33-sonli prezident qarori chiqqanida, shu homiylik mablag‘larini to‘xtatish borasida topshiriq berilgan. Bu shu paytgacha futbol klublari homiylik mablag‘lari sifatida moliyalashtirib kelingan. 1-yanvardan bosqichma-bosqich emas, birdaniga to‘xtatildi. Hozirda hech qanday biron-ta futbol klub bizlar tomonidan moliyalashtirilmayapti», – dedi u.

Suhrob Hamroyev, shuningdek, hukumat buni inobatga olgan holda, futbolni rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilganini, unga kra, Superligada qatnashayotgan tashkilotlarga har bittasiga 35 milliarddan mablag‘ ajratish bo‘yicha davlat o‘zi alohida jamg‘arma qilib, ularni moliyalashtirish ishlarini olib borayotganini aytdi.

«Bizning jamiyat tomonidan hech qanday futbolga moliyalashtirish amalga oshirilmayapti», – deya ta’kidladi Hamroyev.

VAQT.UZ jurnalisti Ilyos Safarov esa shu paytgacha «O‘zbekneftgaz» tomonidan futbol klublariga berib kelingan mablag‘ bilan hozir ajratilayotgan 35 milliardning o‘rtasida qanchalik farq borligini so‘radi.

«Shu 200-300 milliard atrofida bo‘lgan. 200-300 milliard atrofida bir yilga shu uchta-to‘rtta futbol klubimizga ajratilgan», – dedi «O‘zbekneftgaz» boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Suhrob Hamroyev.

Keyingi yillarda davlat moliyalashtirish bosqichlari

Ma’lumot uchun, prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 24-martdagi «Sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, keyingi yillarda futbol klublarini davlat moliyalashtirishi bosqichma-bosqich kamaytiriladi. Jumladan, 2027-yilda har bir klubga 30 milliard so‘m, 2028-yilda esa 25 milliard so‘mdan ajratilishi belgilangan. Bu esa klublarni mustaqil daromad manbalariga o‘tishga undashni maqsad qiladi.

Qaror doirasida futbol infratuzilmasini rivojlantirish uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Xususan, klublarni sotib olish yoki sport obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun 5 yillik kreditlar ajratiladi. Ushbu kreditlar 14 foiz stavkada va 1 yillik imtiyozli davr bilan beriladi.

Moliyaviy islohotlar doirasida soliq imtiyozlari ham joriy etildi. Endi Superliga va Proliga klublarida jismoniy shaxslar daromad solig‘idan ozod etiladi, ijtimoiy soliq esa 1 foiz etib belgilanadi. Bu qaror klublar xarajatlarini kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, Sport vazirligi qoshida maxsus jamg‘arma tashkil etilib, 2026-yilda unga 700 milliard so‘m ajratiladi. Ushbu jamg‘arma orqali sohadagi yangi tashabbuslar moliyalashtiriladi.

Teglar

Mavzuga oid