Si Jinping Ho‘rmuz bog‘ozi bo‘yicha bayonot bilan chiqdi
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi bog‘oz orqali erkin kema qatnovini ta’minlash zarurligini ta’kidladi.

«Sinxua» agentligi xabariga ko‘ra, XXR Raisi Si Jinping Ho‘rmuz bog‘ozi bo‘yicha bayonot bergan.
"Ho‘rmuz bog‘ozi orqali erkin kema qatnovini ta’minlash zarur", — degan u.
Xitoy milliy televideniyasi xabar iga ko‘ra, mamlakat yetakchisi bog‘ozning ochilishi mintaqa mamlakatlari va xalqaro hamjamiyatning umumiy manfaatlariga mos kelishini ta’kidlagan.
U shuningdek, Xitoy mintaqa davlatlarini yaxshi qo‘shnichilik, taraqqiyot, xavfsizlik va hamkorlik tamoyillari asosida umumiy uy barpo etishda, bundan tashqari, o‘z kelajagi va taqdirini o‘z qo‘llariga olib, mintaqada barqaror tinchlik va barqarorlikka ko‘maklashishda qo‘llab-quvvatlashini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, 17-aprel kuni Eron TIV rahbari Abbos Araqchi Ho‘rmuz bog‘ozi tijorat kemalari uchun ochilganini ma’lum qilgan edi. Shundan so‘ng AQSH prezidenti Donald Tramp yangi post e’lon qilib, Eronga minnatdorlik bildirdi.
Biroq o‘sha kunning o‘zida AQSH prezidenti Ho‘rmuz bog‘ozi ochilganiga qaramay, Qo‘shma Shtatlar Eron dengiz portlari blokadasini davom ettirishini ma’lum qildi.
18-aprel kuni Eron Ho‘rmuz bog‘ozi qayta yopilganini e’lon qildi.
Avvalroq, 16-aprel kuni Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yi eronlik hamkasbi Abbos Araqchini Ho‘rmuz bog‘ozida normal kema qatnovini tiklash uchun harakat qilishga chaqirgani xabar qilingan edi.





