Lavrov Markaziy Osiyo kim bilan do‘stlashishni Moskvadan so‘ramay qo‘yganidan xavotirda

Bugun 18:101 daqiqa

Rossiya TIV rahbariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda «geosiyosiy kurash» kuchaygan.

Lavrov Markaziy Osiyo kim bilan do‘stlashishni Moskvadan so‘ramay qo‘yganidan xavotirda

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov G‘arb davlatlari Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda o‘z ta’sirini kuchaytirishga intilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u Pekinda o‘tkazilgan matbuot anjumanida to‘xtalib o‘tdi.

Uning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyoda G‘arbning o‘z tartib-qoidalarini joriy etishga bo‘lgan urinishlari tufayli «geosiyosiy kurash» kuchaymoqda.

«G‘arbning bu yerda ham o‘z qoidalarini o‘rnatish, Markaziy Osiyo davlatlarining hayotini qanday tashkil etish va kim bilan munosabat o‘rnatish masalalarida yetakchi rol o‘ynashga urinishlari tufayli Markaziy Osiyoda qiziqarli bir geosiyosiy kurash avj olmoqda. Xuddi shu holat, balki bunchalik yaqqol bo‘lmasa-da, Janubiy Kavkazda ham kuzatilmoqda», — dedi u.

Ma’lumot uchun, Markaziy Osiyo mintaqasi Rossiyaning an’anaviy xavfsizlik va iqtisodiy manfaatlari (KXSHT, YOII), Xitoyning «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi hamda G‘arbning (AQSH va Yevropa Ittifoqi) «C5+1» muloqot formati kesishgan yirik geosiyosiy maydon hisoblanadi. Bugungi kunda mintaqa davlatlari Rossiyaning harbiy-siyosiy ta’siri, Xitoyning iqtisodiy investitsiyalari va G‘arbning muqobil transport yo‘laklari (masalan, Rossiyani chetlab o‘tuvchi «O‘rta yo‘lak») hamda texnologik hamkorlik takliflari orasida muvozanat saqlashga asoslangan ko‘p vektorli tashqi siyosat yuritmoqda.

Teglar

Mavzuga oid