Uy-joyga sarmoya yoki bank omonati: Toshkentda qaysi biri daromadliroq?

Poytaxtda uy-joyga yo‘naltirilgan investitsiyalarning daromadliligi so‘nggi bir yil ichida 6,2 foizdan 14,6 foizgacha sezilarli oshdi. Biroq, bu omonatlardan o‘tib ketishga yetarli bo‘lmadi. Shunga qaramay, 1 xonali kvartiralarning o‘zi bank omonatlaridan ham yuqori daromad bermoqda.

Uy-joyga sarmoya yoki bank omonati: Toshkentda qaysi biri daromadliroq?

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan Toshkent shahrida ko‘p qavatli uy-joylarga investitsiyalarning daromadliligini tahlil qildi.

2026-yil martda Toshkent shahrida uy-joyga investitsiyalarning daromadliligi 14,6 foizgacha yetdi. (2025-yil martda 6,2 foiz). Bunda, ijaradan keladigan o‘rtacha daromad 8,7 foizdan 8 foizgacha kamaygan bo‘lsa, uy-joylarning o‘rtacha narxi 6,6 foizga qimmatladi.

Lekin, uy-joyga investitsiyalar daromadliligi ko‘chmas mulkning joylashgan hududi va xonalar soniga qarab bir-biridan sezilarli darajada farqlanadi:

1 xonali: Mirobod — 50 foiz (2025-yil mart — 1 foiz), Bektemir — 19,3 foiz (22,8 foiz);

2 xonali: Yunusobod — 24,8 foiz (0,5 foiz), Yakkasaroy — 13 foiz (16,5 foiz);

3 xonali: Mirobod — 12,9 foiz (9,5 foiz), Chilonzor — 3,8 foiz (8,7 foiz);

4 xonali: Yakkasaroy — 18,5 foiz (12,2 foiz), Bektemir — -14,1 foiz (4,3 foiz).

1

So‘nggi 1 yilda Toshkent shahri tumanlari kesimida uy-joy daromadliligining o‘rtachadan og‘ishi (standard deviation) 2,8 foizdan 5,5 foizgacha yetgan. Bu ko‘rsatkich Toshkent shahri tumanlarida uy-joy narxlari keskin farqlanib borayotganligidan dalolat beradi. 

Uylar narxi o‘zgarishidan olinadigan daromad

2025-yilning mart oyida Toshkent shahrida uy-joy xarid qilib, joriy yil mart oyida ushbu uyni sotishga to‘g‘ri kelgan investorlar bir yil ichida uy-joylar bozor qiymatining oshishidan uyni xarid narxidan o‘rtacha 6,6 foiz daromad qilgan. 

Xususan, ushbu ko‘rsatkich Chilonzor tumanida -1,9 foizni, Bektemir tumanida 0,8 foizni, Yashnabod tumanida 3,1 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, Toshkent shahrining nisbatan qimmat uy-joylari joylashgan Mirobod tumanida 16,6 foiz va Yakkasaroy tumanida 12,4 foizgacha yetdi.

Ijaradan olinadigan daromad

Joriy yilning mart oyida Toshkent shahrida uy-joylar ijarasidan olinadigan o‘rtacha daromad 2025-yilning mos davriga nisbatan 0,7 foizga pasayib, 8 foizni tashkil qildi. 

Mazkur davrda, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha daromadlilik Shayxontohurda 9,1 foiz (2025-yil mart oyida — 9,3 foiz) va Yashnobodda 8,4 foiz (8,8 foiz) qayd etildi.

1 xonali uylar ancha daromadliroq

So‘nggi bir yil davomida 1 xonali uylarning daromadlilik ko‘rsatkichi sezilarli darajada ko‘tarildi. Agar 2025 yil mart oyida daromadlilik 9,3 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2026 yil mart oyida bu raqam 29,8 foizgacha o‘sdi. 

2

Bu davrda ikki xonali uylarning daromadlilik ko‘rsatkichi ham 4,8 foizdan 17,4 foizga keskin o‘sish ko‘rsatdi. 3 xonali xonadonlarning o‘rtacha daromadliligi 8,7 foizni (6,2 foiz), 4 xonali xonadonlarda 2,4 foizni (4,4 foiz) tashkil qildi. 

Bank depozitlari 

2025-yil martidan 2026-yilning fevral oyigacha bo‘lgan davrda jismoniy shaxslarning chet el valutasidagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 4,9 foiz atrofida tebranib turgan bo‘lsa, milliy valutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 21,2 foizni tashkil etgan. 

Jismoniy shaxslarning so‘mdagi muddatli omonatlari bu davrda 22,1 foizdan 20,4 foizgacha, 1,7 foizga pasaydi. Biroq, bu ham ko‘chmas mulkning o‘rtacha daromadliligi omonatlardan o‘tib ketishiga yetarli bo‘lmadi. 

Ushbu raqamlar, bir tomondan, uy-joyning investitsiyaviy daromadliligi jismoniy shaxslarning chet el valutasidagi muddatli depozitlaridan olinadigan o‘rtacha daromadliligidan yuqori bo‘lsa-da, milliy valutadagi depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari jozibadorligi yuqoriligicha saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

Qaysi biri ma’qulroq? 

Tahlillar mablag‘ni sarmoya qilishda bir qancha omillar e’tibor qaratish zarur ekanini ko‘rsatmoqda. 

Bank omonatlari umumiy hisobda ko‘chmas mulkning daromadliliga nisbatan jozibadorroq shakllanmoqda. Biroq, Toshkentdagi 1 xonali va ayrim hududlardagi 2 xonali uylar o‘tgan bir yil davomida omonatlardan ko‘proq daromad keltirdi. 

Omonatlarning ustun tomoni sifatida xavfsizlik va kafolatlangan daromadni qayd etish kerak. Ko‘chmas mulkka sarmoyada esa risk bor — shunga yarasha yuqoriroq daromad ham olish mumkin. 

Bunday holatda tahlilchilar tomonidan kapitalni diversifikatsiya qilish tavsiy qilinadi. 

Ko‘rib chiqilayotgan variantlar orasida investorlar uchun mablag‘larini dollarda saqlash, dollar omonatlariga qo‘yish eng noto‘g‘ri qaror sifatida ko‘rilmoqda. O‘zbek so‘mi 2025 yilda dollarga nisbatan 6,8 foizga mustahkamlangandi. 2026 yilda ham so‘m hozircha o‘z qadrini ushlab turibdi. 

Teglar

Mavzuga oid