O‘zbekistonda transport xizmatlari o‘sishi: ikki oyda 31 trln so‘mdan oshdi
Mamlakat transport xizmatlari tarkibida avtomobil transporti 50 foizdan ortiq ulush bilan yetakchilik qilmoqda.
© Миллий статистика қўмитаси2026-yil yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonda transport xizmatlari hajmi 31,5 trln so‘mni tashkil etgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 8,3 foizga oshgan.
Transport xizmatlari bu yo‘lovchilarni, yuklarni yoki pochta jo‘natmalarini turli transport vositalari yordamida bir joydan ikkinchi joyga yetkazib berish bo‘yicha amalga oshiriladigan faoliyatdir. Bu xizmatlar iqtisodiyotning «qon tomiri» hisoblanib, ishlab chiqarish va iste’mol o‘rtasidagi bog‘liqlikni ta’minlaydi.
Transport xizmatlari sifati mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga bevosita ta’sir qiladi. Masalan, transport xarajatlari mahsulot tannarxining o‘rtacha 10 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan qismini tashkil qilishi mumkin.
Yillar kesimida O‘zbekistondagi transport xizmatlari hajmi quyidagicha (yanvar-fevral):
2024-yil — 21,5 trln so‘m
2025-yil — 28,3 trln so‘m
2026-yil — 31,5 trln so‘m
2026-yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 168,2 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, transport xizmatlarining o‘sish sur’ati 108,3 foizni tashkil etgan. Yanvar oyidagi o‘sish esa 109,4 foiz edi. 2025-yilda esa O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 1,05 kvadrillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, transport xizmatlarining o‘sish sur’ati 110,8 bo‘lgandi.
Transport xizmati turlari
2026-yilning yanvar oyida transport xizmatlari hajmi 15,6 trln so‘mdan oshgandi. Bunda transport xizmatlarining yarmi avtomobil transporti hissasiga to‘g‘ri keladi.
Transport xizmatlari hajmining turlari bo‘yicha tarkibi quyidagicha:
Avtomobil transporti – 50,9 foiz;
Havo transporti – 13,5 foiz;
Yordamchi transport faoliyati – 14,5 foiz;
Quvur transporti – 10,4 foiz;
Temir yo‘l transporti – 10,7 foiz.





