Tojikiston prezidentining qizi tibbiyot fanlari nomzodi bo‘ldi

Bugun 11:142 daqiqa

Tojikiston rahbari Emomali Rahmonning kenja qizi Farzona Emomali tibbiyot sohasidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Uning ilmiy ishi qaysi muhim yo‘nalishga bag‘ishlangani ma’lum qilindi.

Tojikiston prezidentining qizi tibbiyot fanlari nomzodi bo‘ldi

Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligining Islohotlar, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami va xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Farzona Emomali rasman tibbiyot fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi.

Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, u «Tibbiyot markazlarida bolalar va o‘smirlarga tibbiy hamda ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning zamonaviy jihatlari» mavzusidagi dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Ilmiy ishga tibbiyot fanlari doktori, professor Zoir Nabiyev rahbarlik qilgan.

Ilmiy ishning asosiy mohiyati

Farzona Emomalining tadqiqot ishi Tojikistondagi tibbiyot markazlarida birlamchi yordamni yaxshilash hamda bolalar va o‘smirlar uchun integratsiyalashgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni joriy etishga qaratilgan. Olimning o‘z ishida ta’kidlashicha, bolalarning salomatligi oilaning ijtimoiy holati, ota-onalarning ta’lim darajasi va sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati kabi ko‘plab muhim omillarga bevosita bog‘liqdir.

Ushbu omillar bola shaxsiyatining rivojlanishiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi va shu sababli yordam ko‘rsatishning samarali modellarini ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi. Tadqiqotchining ilmiy faoliyati 15 ta ilmiy maqolada o‘z aksini topgan bo‘lib, ularning to‘qqiztasi bevosita dissertatsiya mavzusi bilan bog‘liq.

Farzona Emomali haqida nimalar ma’lum?

Prezidentning kenja qizi Farzona Emomali 1998 yil 4-iyulda Dushanbe shahrida tug‘ilgan. U 2014 yilda Dushanbedagi M.V.Lomonosov nomidagi MDU litseyi filialini a’lo baholarga bitirgan. So‘ngra, 2020 yilda Abu Ali ibn Sino nomidagi Tojikiston davlat tibbiyot universitetining davolash fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan.

2022 yilda «Pediatriya» mutaxassisligi bo‘yicha klinik ordinaturani o‘tagan bo‘lsa, 2023 yilda Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini «davlat boshqaruvi» yo‘nalishi bo‘yicha a’lo baholarga bitirdi.

Mehnat faoliyatini 2021 yilda Sog‘liqni saqlash vazirligi apparatida boshlagan Farzona Emomali 2025 yilning avgustida vazirlikning Islohotlar, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami va xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.

Teglar

Mavzuga oid