
Rossiya iqtisodiyoti urush boshlanganidan beri eng og‘ir holatda — The Guardian
28.09.2025 | 08:5221734
The Guardian nashrining yozishicha, Rossiya iqtisodiyoti kollaps ostonasida, urush xarajatlari byudjetning 40 foizini yeb qo‘ymoqda, zaxira esa tugayapti.

Britaniyaning The Guardian nashrining yozishicha, Rossiya iqtisodiyoti urush boshlanganidan beri eng og‘ir davrni boshdan kechirmoqda.
Prezident Donald Tramp bu hafta Rossiya iqtisodiyoti kollaps ostonasida ekanini va Ukraina o‘z hududlarini qaytarish imkoniyatiga ega bo‘lganini ta’kidladi.
Rossiyada ustuvorlik hanuz harbiy xarajatlarga berilayotgan bo‘lsa-da, ularning o‘sishi byudjet defitsitini yanada kuchaytirayotir. 2025 yilning yanvar–iyul oylaridayoq defitsit rejadan oshib ketdi, 2026 yilgacha esa taxminan 4,6 trln rublga yetishi kutilmoqda. Milliy farovonlik fondi zaxiralarining ikki uch qismi allaqachon sarflandi.
Byudjetni to‘ldirish maqsadida hukumat QQS stavkasini 20 foizdan 22 foizga ko‘tarmoqda. Bu esa aholining to‘g‘ridan to‘g‘ri urushni moliyalashtirayotganini anglatadi. Hozirda byudjet xarajatlarining 40 foizi frontga yo‘naltirilmoqda. Shu bilan birga, YAIM o‘sishi prognozi 1 foizdan pastga tushirildi. «Sberbank» rahbari German Gref mamlakat «texnik stagnatsiya»ga kirganini ochiq tan oldi.
Urushning dastlabki ikki yilida iqtisod harbiy ishlab chiqarish hisobiga o‘sgandi — rekord ish bilan ta’minlanish va maoshlarning o‘sishi kuzatilgan. Biroq iqtisodchilarning fikricha, Moskva har yili harbiy xarajatlarni 30 foizga ko‘tarish imkoniyatiga ega emas.
Sanksiyalar tufayli Rossiya eksportini Xitoy, Hindiston va Turkiyaga burdi. «Xufiyona flot» tankerlari va Turkiya, BAA hamda sobiq sovet hududlari orqali parallel importdan foydalanilmoqda.
Ukraina dron hujumlari esa neft qayta ishlash zavodlarida katta uzilishlarga sabab bo‘ldi. Avgustdan beri 38 zavoddan 16 tasi zararlangan, dizel narxi ko‘tarildi va zapravkadagi uzun navbatlar Moskvagacha yetib keldi.
Endi eng katta savol ochiq qolmoqda: iqtisodiy qiyinchiliklar Putinni Ukrainadagi rejalarini o‘zgartirishga majbur qiladimi?





