
Rossiya O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan tekshiruvlar bo‘yicha murojaatni ko‘rib chiqmoqda
11.06.2025 | 14:207112
O‘zbekistonning Rossiyada fuqarolarga nisbatan olib borilayotgan tekshiruvlar yuzasidan bildirgan xavotiri Moskva tomonidan tegishli idoralarga yetkazilgani ma’lum qilindi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova bayonot berdi.

Zaxarovaning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning murojaati javobsiz qoldirilmaydi va u maxsus xizmatlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri kanallar yordamida ko‘rib chiqiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday masalalar bo‘yicha ittifoqchi davlatlar o‘rtasida ochiq va samimiy muloqot yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston TIV avvalroq Rossiya hududida o‘zbekistonlik fuqarolarga nisbatan hurmatsiz munosabat, ruhiy bosim va noqonuniy tekshiruvlar holatlaridan xavotir bildirgan edi. Shu munosabat bilan rasmiy Toshkent Rossiya davlat organlarini inson huquqlari va xalqaro normalarga rioya qilishga chaqirayotganini bildirgan.
Mariya Zaxarova mazkur murojaat rasmiy tarzda tegishli instansiyalarga yetkazilayotganini va uning atroflicha tahlil qilinishiga va’da berdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston tomoniga aniq ma’lumotlar belgilangan tartibda taqdim etilishi ta’kidlandi.
Bu holat ikki davlat o‘rtasidagi mustahkam aloqalar va fuqarolar huquqlarini himoya qilishga oid masalalarga jiddiy yondashuv mavjudligini ko‘rsatmoqda.





