
Rossiya Samarqandda bosh konsulxonasini ochadi
30.08.2025 | 08:2046683
Yaqin kunlarda Samarqandda Rossiya Federatsiyasining rasmiy konsullik muassasasi ish boshlaydi.

Rossiya Federatsiyasi yaqin vaqt ichida Samarqand shahrida o‘zining Bosh konsulligini ochadi. Bu haqda Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasida mustaqillik kuni munosabati bilan o‘tkazilgan qabulda Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov ma’lum qildi.
Ryabkovning aytishicha, konsullik tashkil etish bo‘yicha ishlar yakunlanmoqda va u yaqin kunlarda ish boshlaydi. «Bu qadam ikki tomonlama munosabatlarni, jumladan, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga bo‘lgan o‘zaro intilishni yana bir bor tasdiqlaydi», — dedi diplomat.
Genkonsullik ochilishi orqali Rossiya o‘z fuqarolari uchun Samarqand va uning atrofida konsullik xizmatlaridan foydalanishni yengillashtirmoqchi. Bu yerda rossiyalik hamyurtlar soni nisbatan ko‘pligi hisobga olingan.
Mazkur qaror 2024 yil fevralda Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin tomonidan imzolangan rasmiy hujjatga asosan amalga oshirilmoqda. Hujjatda Samarqand shahrida Rossiya Federatsiyasi General konsulligini tashkil etish belgilangan.
Ayni paytda O‘zbekistonda Rossiyaning Toshkentda elchixonasi va Buxorodagi konsullik bo‘limi faoliyat yuritmoqda. Samarqandda yangi konsullik ochilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Samarqandda ayni damda Turkiya, Fransiya va Qozog‘istonning bosh konsulliklari faoliyat ko‘rsatmoqda.





