
Rossiya Serbiyaga gaz yetkazib bermoqchi
20.05.2025 | 10:0049403
Rossiya va Serbiya 2025 yil 31 maygacha uzoq muddatli gaz yetkazib berish shartnomasini imzolashni rejalashtirmoqda.

«Serbiyagaz» kompaniyasi rahbari Dushan Bayatovichning ma’lum qilishicha, kelishuv 3 yildan 10 yilgacha bo‘lgan muddatni qamrab olishi mumkin. Unga ko‘ra, Rossiya har yili Serbiyaga 2,5 mlrd kub metr gaz yetkazib beradi. Bu hajmning 8 mln kub metri kunlik asosiy ta’minot bo‘lib, yana 4 mln kub metri ehtiyojga qarab qo‘shimcha ravishda yetkaziladi.
Bayatovichning ta’kidlashicha, gaz narxi neftga bog‘liq formula asosida hisoblanadi. Shartnomada fors-major holatlarini hisobga olish va xavflarni boshqarish mexanizmlari ham ko‘zda tutilmoqda.
Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich 9 may kuni Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, yangi shartnoma masalasini muhokama qilgan. Vuchich Rossiya gazining Serbiya uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan.
Serbiya Rossiyadan tashqarida ham gaz manbalarini diversifikatsiya qilishga harakat qilmoqda. Jumladan, Ozarbayjondan 2 mln kub metr va Vengriyadan 2-3 mln kub metr gazni kunlik import qilish rejalashtirilgan.
Yevropa Ittifoqi 2027 yilgacha Rossiya gaziga bog‘liqlikni to‘liq bartaraf etishni maqsad qilgan.





