add

Rossiya Ukraina urushida 1 million askaridan ayrildi — Britaniya razvedkasi

13.06.2025 | 10:4024664

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, Rossiya armiyasi Ukrainadagi urush boshlanganidan beri 1 millionga yaqin harbiyni yo‘qotgan. Bu Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik qurbonlar soni sifatida baholanmoqda.

Rossiya Ukraina urushida 1 million askaridan ayrildi — Britaniya razvedkasi
Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya 2022 yildagi Ukrainaga to‘laqonli bosqindan beri 1 millionga yaqin harbiyni yo‘qotgan. Ular orasida 250 mingga yaqini halok bo‘lgan. Bu Ikkinchi jahon urushidan keyin Rossiya armiyasi uchun eng yirik yo‘qotishlar sifatida qayd etilmoqda. Mudofaa vazirligi bildirishicha, Rossiya armiyasining 400–500 ming harbiy xizmatchisi batamom safdan chiqqan — halok bo‘lgan, bedarak yo‘qolgan yoki og‘ir yaralar tufayli jangga qayta olmaydi. Aynan shu og‘ir yaralanganlar oqimi Rossiyaning harbiy-tibbiy tizimini og‘ir ahvolga solgan: dala hospitallaridan tortib, ixtisoslashgan shifoxonalargacha. 2025 yilning o‘zida fevraldan buyon faqat Rossiya 200 mingdan ziyod yo‘qotishga uchragan bo‘lishi mumkin. Ukraina Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya har kuni o‘rtacha 1250 nafar askarini yo‘qotmoqda. Shu holatda ham, Britaniyaning baholashicha, Moskva hali ham ko‘p sonli piyoda askarlar bilan bosim o‘tkazish taktikasiga amal qilmoqda. Kreml ko‘p sonli yo‘qotishlarga ko‘nikib bo‘lgan va faqat jamoatchilik yoki elita qarshiligi oshgandagina strategiyani qayta ko‘rib chiqishi mumkin. Avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp ham Rossiya har hafta 5 minggacha askarini yo‘qotayotganini aytgan edi. Uning fikricha, bu holat Vladimir Putinga ta’sir qilmayapti. «Ehtimol, u bunga befarq», — degan Tramp o‘z podkastida. Jurnalistlar ham qurbonlar soni yuzasidan tahlillar berdi. «Mediazona» va BBC 110 ming 608 nafar rossiyalik halok bo‘lganini nomma-nom aniqlagan. Ammo bu faqat umumiy yo‘qotishlarning 45–65 foizini tashkil etadi. Ularning hisob-kitobiga ko‘ra, real qurbonlar soni 191–269 mingga yetishi mumkin. Vashingtondagi CSIS markazi hisobicha, urushning umumiy qurbonlari soni 1,4 million nafarga yetgan. Ulardan taxminan 1 million nafari Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.  

Teglar

Mavzuga oid

Rossiya Ukraina urushida 1 million askaridan ayrildi — Britaniya razvedkasi | Vaqt.uz