add

Rossiya Ukrainadagi urushga yuborgan o‘zbekistonlikka sud hukmi o‘qildi

04.08.2025 | 19:2034365

Rossiyada pul topish ilniji bilan harbiy xizmatga yollanib qolgan 24 yoshli o‘zbekistonlik fuqaro yollanmalikda aybdor deb topildi. Unga sud hukmi o‘qildi.

Rossiya Ukrainadagi urushga yuborgan o‘zbekistonlikka sud hukmi o‘qildi
O‘zbekiston fuqarosi Ukrainadagi urushda Rossiya tomonidan ishtirok etgani uchun 4 yillik ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Rossiya OAV xabar berdi. Sud hujjatlariga ko‘ra, 24 yoshli yigit 2024 yil oktyabr oyida Rossiyaga ishlash uchun borgan. U Telegram orqali 150 ming rubllik maosh evaziga o‘rmon kesish ishlari bo‘yicha e’lonni ko‘rib, unga murojaat qilgan. Tibbiy ko‘rikdan o‘tgach, u bilan mehnat shartnomasi tuzilgan, ammo keyinchalik u harbiy xizmat shartnomasini imzolaganini tushungan. Keyinchalik, yigit Kursk viloyatidagi front orqasini qo‘riqlash ishlariga jalb etilgan. Uning aytishicha, agar janglarda ishtirok etishdan bosh tortsa, harbiy politsiya uni 5 yilga qamashi bilan tahdid qilishgan. 2025 yil yanvar–fevral oylarida Sudja shahrida joylashgan pozitsiyalarga oziq-ovqat yetkazgan. Shunda shamollab, kasallangan va shifoxonaga, keyin esa davolanish uchun harbiy lagerga yuborilgan. Uni yana frontga yuborishmoqchi bo‘lishganida, K.S. O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilgan. U yashirin tarzda lagerdan chiqib, Moskvaga yetib borgan va elchixona orqali «Qaytish guvohnomasi» olib, Toshkentga qaytgan. Sud jarayonida u o‘z aybini tan olgan, jasoratsizlik qilganini va otasining qarzlarini to‘lash maqsadida bu ishga qo‘l urganini aytgan. Shuningdek, u oilada yagona farzand ekanini, pushaymonligini bildirgan, yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan. Sud uni respublika Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bo‘yicha aybdor deb topgan va to‘rt yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, yollanish, ya’ni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi – 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. JKning 154-1-moddasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirishi – bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravarigacha jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiya Ukrainadagi urushga yuborgan o‘zbekistonlikka sud hukmi o‘qildi | Vaqt.uz