
Rossiya Ukrainaning Sumi oblastidagi to‘rtta qishloqni o‘z nazoratiga oldi
27.05.2025 | 19:0042043
Ukraina shimoli-sharqida joylashgan Sum viloyatida Rossiya armiyasi to‘rt chegara hududidagi qishloqni egallagani rasman tasdiqlandi. Kiyev tomoni bundan urushning uzoq davom etish ehtimolini ko‘rmoqda.

Rossiya armiyasi Ukraina shimolidagi Sumi oblasti hududida yana to‘rtta qishloqni nazoratga oldi. Bu haqda Sumi oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Grigoryov ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Novenka, Basivka, Veselivka va Juravka qishloqlari hozirda Rossiya qo‘shinlari tomonidan egallangan.
Grigoryovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qishloqlardagi aholi avvalroq evakuatsiya qilingani bois, fuqarolar hayotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid yo‘q. Biroq front yaqinida joylashgan yana beshta qishloqda janglar davom etmoqda.
Rossiya tomoni bu harakatlarni chegara hududida «bufer zona» yaratish harakati sifatida asoslamoqda. Kreml rahbari Vladimir Putin buni o‘tgan haftada strategik ustuvor vazifa deb e’lon qilgan edi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy dushanba kuni qilgan murojaatida Rossiya tomonida tinchlik yo‘lida hech qanday jiddiy sa’y-harakatlar ko‘rilmayotganini ta’kidladi. «Qo‘limizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Putin va uning atrofidagi rahbarlar urushni to‘xtatish niyatida emas,» dedi Zelenskiy.
Unga ko‘ra, Rossiya yangi hujum operatsiyalariga tayyorgarlik ko‘rmoqda va bu mamlakatning uzoqqa cho‘ziluvchi urushga umid bog‘layotganini anglatadi. «Bu dunyo bo‘ylab tinchlik istagan barcha insonlarga nisbatan hurmatsizlikdir,» deya qo‘shimcha qildi Ukraina rahbari.





