add

Rossiya vizasiz sayohat qiluvchilar uchun ruID orqali ro‘yxat tizimini sinab ko‘radi

24.06.2025 | 17:3036674

Yangi tartib O‘zbekiston fuqarolari uchun ham amal qiladi, lekin ixtiyoriy hisoblanadi

Rossiya vizasiz sayohat qiluvchilar uchun ruID orqali ro‘yxat tizimini sinab ko‘radi
30 iyundan boshlab Rossiya vizasiz tartibda kiruvchi xorijliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun elektron ro‘yxatdan o‘tish tizimini sinov tariqasida joriy qiladi. Bu tajriba bir yil davom etadi va u ruID mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi. Rossiyaning Qozog‘istondagi elchixonasi ma’lumoticha, ushbu yangilik vizasiz sayohat qiluvchi fuqarolar, jumladan, o‘zbekistonliklarga ham taalluqli. Unga ko‘ra, safarga chiqishdan avval Yagona identifikatsiya va autentifikatsiya tizimida ro‘yxatdan o‘tish va ruID ilovasi orqali ariza topshirish taklif etiladi. Ariza to‘ldirish ixtiyoriy bo‘lib, uni safardan 90 kun oldin va kamida 72 soat qolganida yuborish mumkin. Favqulodda holatlarda (masalan, kasallik yoki yaqin qarindoshning vafoti) to‘rt soatlik muddat ham belgilangan, lekin bu holda tasdiqlovchi hujjatlar talab qilinadi. Arizada fuqaro Rossiyaga tashrif maqsadi, sanalar, tashrif buyuriladigan hududlar va hamrohlikdagi bolalar haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatishi lozim. Shuningdek, biometrik ma’lumotlarni ham taqdim etish mumkin: yuz va pasport suratlari, ovoz yozuvi. Agar biometrik ma’lumotlar avvalroq taqdim etilgan bo‘lsa, “Gosuslugi” orqali faqat selfi va safar ma’lumotlari bilan ariza yuborish mumkin. Arizani to‘ldirmaslik chegaradan o‘tishga to‘sqinlik qilmaydi, ammo uning mavjudligi Rossiya davlat xizmatlari, uyali aloqa va to‘lov tizimlaridan foydalanish imkonini ochadi. Bu tajriba vizali kirish tartibiga ta’sir qilmaydi. Eslatib o‘tamiz, 30 iyundan boshlab O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaga kirishda QR-kodga ega bo‘lishi talab qilinadi.

Teglar

Mavzuga oid