add

Rossiyada amaldorlarning boyligi sir saqlanadigan bo‘ldi

Bugun 20:381682 daqiqa

Rossiya Davlat dumasi amaldorlar va deputatlar uchun majburiy yillik deklaratsiya topshirishni bekor qildi. Avval Putindan tortib Volodingacha hammasi mol-mulki miqdorini ochiqlashga majbur edi.

Rossiyada amaldorlarning boyligi sir saqlanadigan bo‘ldi

Rossiya Davlat dumasi amaldorlar va deputatlar uchun har yili daromadlari hamda mol-mulki haqida hisobot berish majburiyatini bekor qiluvchi qonunni qabul qildi. Endi davlat xizmatchilari faqat ma’lum asoslar yuzaga kelgandagina o‘z moliyaviy holatlari haqida ma’lumot taqdim etadilar.

Davlat dumasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilgan yangi qonunga ko‘ra, mansabdor shaxslar, davlat xizmatchilari va parlamentariylar har yili deklaratsiya topshirishdan ozod etilgan. Hisobot berish majburiyati faqat aniq holatlarda, masalan, ishga kirishda, boshqa idoraga o‘tishda yoki oilaning oxirgi uch yillik daromadidan ortiq bo‘lgan yirik xaridlarni amalga oshirishda saqlanib qoladi.

Shuningdek, taqdim etilgan ma’lumotlarni ochiq manbalarda e’lon qilish ham rejalashtirilmayapti, bu esa davlat boshqaruvidagi shaffoflikning yanada kamayishi sifatida baholanmoqda.

Qonun tashabbuskorlaridan biri Vasiliy Piskarevning ta’kidlashicha, eski formatdagi deklaratsiya topshirish tizimi allaqachon eskilik sarqiti bo‘lib qolgan. Hozirda amaldorlarning moliyaviy ahvolini doimiy monitoring qilish «Poseydon» raqamli antikorrupsiya tizimi orqali amalga oshirilmoqda. Rasmiylarning fikricha, ushbu raqamli nazorat amaldorlarning daromad va xarajatlarini avtomatik tarzda kuzatish imkonini beradi va ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yadi.

Parlamentdagi munozaralar davomida «Spravedlivaya Rossiya» partiyasi vakillari qonunga qarshi chiqib, uning qabul qilinishi korrupsiya ustidan ijtimoiy nazoratni zaiflashtirishini ta’kidladilar. Bunga javoban «Yedinaya Rossiya» deputati Dmitriy Vyatkin agar biror siyosatchi o‘zini halol ko‘rsatmoqchi bo‘lsa, OAVga o‘z mulki haqida ixtiyoriy ravishda gapirib berishi mumkinligini kinoya bilan bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada amaldorlarning daromadlari haqidagi ma’lumotlar 2023 yildan buyon jamoatchilik uchun ochiqlanmay kelayotgan edi.

Qonun loyihasi 10-dekabr kuni Davlat dumasiga kiritilgan bo‘lib, uni barcha fraksiyalardan iborat deputatlar guruhi qo‘llab-quvvatlagan. Yakuniy ovoz berish jarayonida 311 nafar deputat hujjatni yoqladi, 75 nafari esa qarshi chiqdi yoki betaraf qoldi.

Mutaxassislarning fikricha, majburiy deklaratsiyaning bekor qilinishi davlat xizmatchilarining iqtisodiy faoliyatini jamoatchilik nazoratidan to‘liq chiqarib, faqat idoraviy nazorat doirasida qoldiradi.

Teglar

Mavzuga oid