
Rossiyada beshinchi yirik neftni qayta ishlash zavodi to‘xtadi
30.08.2025 | 09:0031374
«Rosneft»ning Kuybishevdagi zavodiga dronlar hujumi oqibatida ishlab chiqarish jarayoni to‘xtatildi.

Rossiyada avgust oyi davomida dronlar hujumlari tufayli beshinchi yirik neftni qayta ishlash zavodi — Kuybishev NQIZ ishini to‘xtatdi. Bu haqda Reuters agentligi sohadagi manbalariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 28 avgust kuni yuz bergan hujum natijasida yiliga 7 mln tonnani qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan zavodning ikki asosiy qayta ishlash qurilmasi ishdan chiqqan. Ularning har biri kuniga 10 ming tonna neftni qayta ishlash imkoniyatiga ega edi.
Kuybishev NQIZ «Rosneft»ning Samara guruhiga kiradi va o‘tgan yil 800 ming tonna benzin hamda 1,3 mln tonna dizel yoqilg‘i ishlab chiqargan. Manbalarga ko‘ra, hujum natijasida ikkinchi darajali qayta ishlash jarayonlari ham zarar ko‘rgan.
Bu oyda hujumlar tufayli ishini to‘xtatgan boshqa zavodlar quyidagilar: 2 avgust kuni — Novokuybishev NQIZ, 11 avgust — Saratov NQIZ, 15 avgust — Volgograddagi «Lukoyl» zavodi va Sizrandagi zavod. Shuningdek, Ryazan shahridagi «Rosneft»ga qarashli eng yirik zavod ham quvvatlarining yarmini to‘xtatgan. Novoshaxtinskdagi NQIZ esa 5 kun davomida yong‘in bilan kurashgan, hozirgi holati noaniqligicha qolmoqda.
Reuters tahlillariga ko‘ra, dronlar hujumlari oqibatida Rossiya neft kompaniyalari umumiy qayta ishlash quvvatlarining 17 foizini yo‘qotgan. Faqatgina avgustda 6,4 mln tonna quvvat faoliyatsiz qolib, bu tarixiy rekord darajasiga yetgan — 23 foiz.
Shu bilan birga, manbalar ma’lum qilishicha, hozircha mamlakatda yonilg‘i ishlab chiqarish sezilarli kamaymagan — avgustda faqat 5 foizga pasaygan. Bunga zarar ko‘rmagan zavodlar ish yukini ko‘paytirib, vaziyatni qisman barqarorlashtirgani sabab bo‘lgan.
 





