
Rossiyada dafn xizmatlari bozori keskin o‘sdi: 4 oyda 40 mlrd rubl daromad
11.06.2025 | 20:302533
Rossiyada 2025 yilning dastlabki to‘rt oyida dafn xizmatlari kompaniyalari 40 mlrd rublga yaqin daromad ko‘rsatdi. Muttaxassislar bunday o‘sishga frontdagi yo‘qotishlar, inflyatsiya va aholi o‘limi ko‘payayotganini sabab qilib ko‘rsatmoqda.

Rossiyada dafn xizmatlari bozorida mislsiz o‘sish qayd etildi. Kommersant nashri Rosstat ma’lumotlariga tayanib yozishicha, yanvar—aprel oylarida ritual kompaniyalari umumiy hisobda 39,5 mlrd rubl daromad qilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,7 foizga ko‘pdir.
Eng yuqori daromad Sankt Peterburgda qayd etilgan — 3,7 mlrd rubl. Undan so‘ng Moskva oblasti (3,2 mlrd), Krasnodar o‘lkasi (1,9 mlrd), Tatariston va Sverdlovsk oblastlari kelmoqda — har biri 1,1 mlrd rublga yaqin.
Ritual xizmatlar sohasidagi o‘sishning asosiy sabablari sifatida mamlakatdagi inflyatsiya (yillik 10,2 foiz) va o‘lim holatlarining ko‘payishi ko‘rsatilmoqda. Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki to‘rt oyida 662,7 ming kishi vafot etgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 4,5 foizga ko‘p.
Shu bilan birga, tobut yasash va qabr qazish xizmatlari sezilarli qimmatlashgan. Masalan, tobutning narxi o‘rtacha 8,2 ming rublga yetgan (9 foizga oshgan), qabr qazish esa 11,6 ming rublgacha ko‘tarilgan (14,7 foizlik o‘sish).
Sohadagi tajribali kompaniyalar inflyatsiya sabab narxlarni oshirayotgan bo‘lsa, vaqtinchalik firmalar arzonlashtirish bilan bozorda o‘rin egallashga urinayotgani aytiladi. Bu vaqtda rossiyaliklar an’anaviy dafn xarajatlarini kamaytirishga harakat qilmoqda. Jumladan, karton tobutlarga talab keskin ortgan — ular 1,5–6 ming rubl turadi va ekologiyaga zarari kam, shuningdek, krematsiya vaqtida tez yonib ketadi.
Muttaxassislar tan olishicha, ritual xizmatlar bozorida katta qismi hanuz «xufiyona» hisoblanadi. Bu esa rasmiy statistikani ham to‘liq aks ettirmasligini anglatadi.





