add

Rubio va Lavrov o‘rtasidagi telefon suhbati mojaroga aylandi

23.10.2025 | 09:4620171

NBC ma’lumotiga ko‘ra, AQSH davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘rtasidagi telefon muloqoti tortishuv bilan yakunlangan.

Rubio va Lavrov o‘rtasidagi telefon suhbati mojaroga aylandi

AQSH davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘rtasidagi so‘nggi telefon suhbati keskin tortishuv bilan yakunlangani ma’lum bo‘ldi. NBC telekanalining xabar berishicha, Lavrov muloqot paytida asabiylashgan va Rossiyaning Ukrainadagi front bo‘yicha otashkesimga hozir emasligini yana bir bor tasdiqlagan.

Tramp ma’muriyatidagi manbaning aytishicha, Rubio Lavrovga murojaat qilib, «agar Moskva joriy front chizig‘ida o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilishga tayyor bo‘lmasa, prezident va o‘z vaqtimni bunday suhbatlarga sarflamoqchi emasman», degan.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi sobiq rahbar o‘rinbosari Andrey Fyodorovning ta’kidlashicha, «aynan Rubio va Lavrov suhbatida mojaro kelib chiqqan». Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy ixtilof — o‘t ochishni to‘xtatish vaqti bo‘yicha kelishmovchilikdir.

Lavrov esa suhbat davomida AQSH «Alyaska kelishuvi»da belgilangan tamoyillarga amal qilmasa, keyingi muzokaralar ma’nosiz bo‘lishini aytgan.

Bu voqeadan keyin AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Budapeshtda rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qilgan.

Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Kreml hanuz radikal talablarini saqlab qolmoqda va joriy front chizig‘idagi o‘t ochishni to‘xtatishni rad etmoqda. Yevropa diplomatlariga ko‘ra, «ruslar juda ko‘p narsa talab qilmoqda, shu bois Tramp uchun Budapeshtda hech qanday kelishuv bo‘lmaydi».

Teglar

Mavzuga oid