
Saida Mirziyoyeva Abu-Dabida ishonch inqirozi haqida chiqish qildi
O‘zbekiston vakili ayollar yetakchiligi global barqarorlik va insoniy hamjihatlikning asosiy omillaridan biri ekanini ta’kidladi.

BAA poytaxti Abu Dabida Shayx Zoyid nomidagi «Insoniy birodarlik» xalqaro mukofoti doirasida yuqori darajadagi global forum ochildi. «Insoniy birodarlik majlisi» deb nomlangan anjumanda 150 nafar nufuzli ishtirokchi — xorijiy davlatlarning birinchi xonumlari, Nobel mukofoti sohiblari, BMT agentliklari, yetakchi xalqaro tashkilotlar rahbarlari, Ko‘rfaz davlatlari siyosatchilari va sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha olimlar qatnashdi.

Forum ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etib, «Ayollar yetakchiligi insoniy birodarlik markazida» mavzusidagi birinchi sessiyada ma’ruza qildi. U chiqishida jahonda kuchayib borayotgan ishonch inqirozi sharoitida ayollar roliga alohida e’tibor qaratdi.
Ayollar yetakchiligi konsepsiyasi
Saida Mirziyoyeva ayollar yetakchiligi va ta’limga teng huquq inson qadrining asosiy mezonlaridan biri ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayollarni ijtimoiy himoya qilish va ularning imkoniyatlarini kengaytirish nafaqat alohida mamlakat, balki butun mintaqada barqaror taraqqiyot va hamjihatlikka xizmat qiladi.
«O‘zaro hurmat bilan yo‘g‘rilmagan rivojlanish uzoqqa bormaydi. Kuchli jamiyatlar nafaqat qonunlarga, balki insonlar o‘rtasidagi ishonchga tayanadi», — dedi u.
Mirziyoyevaning qayd etishicha, bu ishonch ko‘p hollarda aynan ayollar yetakchiligi orqali mustahkamlanadi.
O‘zbekiston tajribasi
Ma’ruzada O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ijtimoiy islohotlar misol keltirildi. Ayollar uchun ta’lim, bandlik va ijtimoiy himoya imkoniyatlarini kengaytirish milliy taraqqiyotning muhim qismi sifatida baholandi.
Forum ishtirokchilari O‘zbekiston tajribasini ishonchga asoslangan, inklyuziv va insonparvar siyosat namunasi sifatida qayd etdilar. Ekspertlar fikricha, Saida Mirziyoyevaning chiqishi global miqyosda ayollar yetakchiligi mavzusini yangi siyosiy va ma’naviy kun tartibiga olib chiqdi.





