
Samarqandda «Nurobod texnoparki» tashkil etiladi
05.08.2025 | 11:1531773
Samarqand viloyatida sanoatni rivojlantirish va investitsiya muhitini yaxshilash maqsadida «Nurobod texnoparki» maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi. Prezident qaroriga ko‘ra, loyiha 2025–2030 yillarda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan.

Maqsadli ko‘rsatkichlarga binoan, 1,1 mlrd AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinishi rejalashtirilgan. Bu mablag‘lar zamonaviy va sifatli sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalariga yo‘naltirilib, 5,1 mingta doimiy ish o‘rinlari yaratiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Loyiha doirasida Nurobod tumani Sazag‘on massividagi 115,3 gektar bo‘sh yer uchastkasi «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi tarkibidan chiqarilib, yangi sanoat zonasi uchun ajratiladi. Maxsus sanoat zonasi infratuzilmasini rivojlantirish, ishlab chiqarish binolarini qurish va boshqarish vazifasi xorijiy kapital ishtirokidagi «New Vision Investment Development» MCHJga yuklatilgan.
Yangi zonada ishlab chiqarish binolari 3–4 qavatli qilib barpo etiladi. Bu yerda turli tarmoqlarda yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi, mahalliy va xorijiy kompaniyalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.
Loyiha amalga oshirilishi natijasida Nurobod tumani va Samarqand viloyatida sanoat salohiyati oshishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi hamda iqtisodiy faollik sezilarli darajada kuchayishi kutilmoqda.





