add

Senat O‘zbekistonning JSTga a’zoligini tezlashtiruvchi qonunni ma’qulladi

08.09.2025 | 17:3049613

O‘zbekiston Senati 4 sentyabrdagi yalpi majlisda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirishga qaratilgan qonunni ma’qulladi. Hujjat metall parchalari va tabiiy gaz savdosini litsenziyalash masalalariga ham taalluqli.

Senat O‘zbekistonning JSTga a’zoligini tezlashtiruvchi qonunni ma’qulladi
Senator Abdusaid Qo‘chimov ta’kidlashicha, «Bozor islohotlari va O‘zbekistonning JSTga a’zoligini jadallashtirish munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun milliy qonunchilikni JST kelishuvlariga muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan. Bu esa tashkilotga a’zo bo‘lishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. Qonunga ko‘ra, «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-qoidalari to‘g‘risida»gi hujjatga o‘zgarish kiritilib, qora va rangli metall parchalarini tayyorlash, qayta ishlash, sotish hamda tabiiy gazning ulgurji va chakana savdosi litsenziyalanadigan faoliyat turlari sifatida belgilandi. Shuningdek, «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimchalar kiritilib, mazkur litsenziya uchun to‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari etib belgilandi. Qonunga muvofiq, mazkur sohalardagi qonunbuzarliklar uchun eng yuqori jazo chorasi — BHMning 300 baravari miqdoridagi jarimalar qo‘llaniladi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, ushbu qonun O‘zbekistonning JSTga a’zolik jarayonini tezlashtirishga, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarishga hamda metall va tabiiy gaz bozorida raqobatbardosh va ochiq muhit yaratishga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid