
Senatga yo‘llangan yangi qonun: jamoat joylarida sovuq qurol olib yurishga qarshi choralar kuchaytiriladi
24.09.2025 | 14:4024123
Yangi qonun loyihasi qonunbuzarliklarni oldini olish, qurollarni nazorat qilish va fuqarolar hayotini muhofaza qilishga qaratildi.

Parlamentda qonunchilik tashabbusi asosida ishlab chiqilgan, jamoat xavfsizligi va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.
Muhim jihatlardan biri — sovuq qurol yoki unga tenglashtirilgan ashyolarni jamoat joylarida qonunga xilof ravishda olib yurishga qarshi choralarni kuchaytirish. Agar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgandan keyin ham bu harakatni takrorlasa, unga nisbatan qo‘shimcha javobgarlik belgilanadi.
Loyiha, shuningdek, oilaviy yoki maishiy zo‘ravonlik qilgan shaxslarga qurol olish huquqini berishni taqiqlaydi. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarda mavjud qurollarni ichki ishlar organlari vaqtincha musodara qiladi. Bu qadam jamoat xavfsizligi va fuqarolar hayotini himoya qilish maqsadida amalga oshiriladi.
Yana bir muhim o‘zgarish — narkotik moddalarga ruju qo‘ygan shaxslarga nisbatan choralar. Ma’muriy javobgarlikka tortilgan va narkologik kasallikka chalingan shaxs sud qarori bilan majburiy davolashga yuborilishi mumkin.
Qonun loyihasida uzoq hududlarda narkologik ekspertizalarni o‘tkazish uchun maxsus tumanlararo tibbiy komissiyalar tashkil etish ham nazarda tutilgan. Ularning faoliyat tartibi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
Majlisda ta’kidlanishicha, qabul qilingan normalar mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatlarning oldini olish va fuqarolarning hayoti hamda sog‘ligini samarali himoya qilishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.





