
Shavkat Mirziyoyev Iordaniya podshohi bilan Samarqandda uchrashadi
25.08.2025 | 09:3039642
Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn 25–26 avgust kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Asosiy tadbirlar Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.

Tashrif O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan amalga oshirilmoqda. Asosiy tadbirlar Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Uchrashuvlarda siyosiy munosabatlar bilan birga savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, qator tarmoqlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Muzokaralar davomida kimyo va farmatsevtika sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirish imkoniyatlari muhokama etiladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik tarmoqlarida aloqalarni rivojlantirish, konchilik va sanoat sohalarida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘tariladi.
Podshoh Abdulla II tashrif doirasida madaniy-humanitar hamkorlikni mustahkamlash va ikki xalq o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatdagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish ham ko‘zda tutilgan.
Tashrif yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida qator bitimlar va hamkorlikka oid hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.





