add

Shavkat Mirziyoyev Paragvay prezidenti bilan muzokara o‘tkazdi

11.12.2025 | 17:462741 daqiqa

Uchrashuvda o‘zaro savdoni ko‘paytirish, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, raqamlashtirish, turizm va sport sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga e’tibor qaratildi.

Shavkat Mirziyoyev Paragvay prezidenti bilan muzokara o‘tkazdi

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Paragvay prezidenti Santyago Penya rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston yetakchisi Paragvay rahbarini samimiy qutlar ekan, Lotin Amerikasi davlati Prezidenti tomonidan O‘zbekistonga ilk bor amalga oshirilayotgan ushbu tashrif tarixiy ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Mazkur sammit ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirishda yangi davrni boshlab berishi ta’kidlandi.

Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikni, jumladan, savdo-iqtisodiyot, madaniy-gumanitar, ta’lim va boshqa sohalarda kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, o‘zaro savdoni ko‘paytirish, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va kimyo sanoati, raqamlashtirish, turizm hamda sport sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Uchrashuv yakunida tomonlar siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish va o‘zaro manfaatli sohalarda amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligini tasdiqladilar.

Avvalroq Paragvay prezidenti Xalqaro avtomobil federatsiyasi Bosh assambleyasida va federatsiya shafeligida o‘tkaziladigan musobaqalar g‘oliblarini taqdirlash marosimida ishtirok etishi ham ma’lum qilingandi.

Teglar

Mavzuga oid