
Shavkat Mirziyoyev Turkiya poytaxti Anqara shahriga yetib bordi
Prezidentga birinchi xonim hamrohlik qilmoqda. Anqaradagi «Esenbo‘g‘a» xalqaro aeroportida ularni Turkiya rahbari Erdo‘g‘an rafiqasi bilan birga kutib oldi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga rasmiy tashrif bilan Anqara shahriga yetib bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
«Esenbo‘g‘a» xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonlarni Turkiya Respublikasi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va rafiqasi kutib oldi.
Ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.
Davlat rahbarlari va birinchi xonimlar qisqa uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbatda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Bugun, 29-yanvar kuni Oqsaroy qarorgohida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Muzokaralarda siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport, energetika, madaniyat, gumanitar soha va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish bilan bog‘liq masalalar atroflicha ko‘rib chiqiladi.
Anqara shahridagi tadbirlar doirasida Hatay viloyatining Arsuz tumanida «O‘zbekiston» turarjoy majmuasining ochilishi va Istanbulda o‘zbek maktabining qurilishini boshlashga bag‘ishlangan marosim ham bo‘lib o‘tadi.





