
Shimoliy Koreya Qurskda 6 mingdan ortiq harbiy yo‘qotdi — Britaniya
16.06.2025 | 09:4047183
Britaniya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaning Qursk oblastida 6 mingdan ziyod harbiy xizmatchisini yo‘qotdi. Bu jami yuborilgan kuchlarning yarmidan ko‘pini tashkil etadi.

Britaniya razvedkasi ma’lum qilishicha, Rossiyaning Qursk oblastida joylashtirilgan Shimoliy Koreya Qurolli Kuchlarining 6000 nafardan ziyod harbiysi halok bo‘lgan. Bu jami 11 000 nafarlik kontingentning yarmidan ko‘pini tashkil etadi. Ushbu ma’lumotlar Britaniya Mudofaa vazirligining X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida e’lon qilindi.
Manbada ta’kidlanishicha, bu yo‘qotishlar asosan piyoda armiyaning uzoq va og‘ir janglarda qatnashishi natijasida yuzaga kelgan. Shu bilan birga, KXDR keyinchalik Qursk viloyatiga cheklangan miqdorda qo‘shimcha kuchlar jo‘natgani ham qayd etilgan.
Ma’lumotga ko‘ra, 4 iyun kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi va sobiq mudofaa vaziri Sergey Shoygu KXDRga tashrif buyurib, mamlakat yetakchisi Kim Jong Un bilan uchrashgan. Bu so‘nggi uch oy ichida Shoyguning Koreya Xalq Demokratik Respublikasiga ikkinchi tashrifi bo‘lgan.
Britaniya tomonining baholashicha, Shoygu Rossiyaning Ukrainadagi qonuniy bo‘lmagan harbiy amaliyotiga Shimoliy Koreyaning yordamini jalb etish bo‘yicha muzokaralarda asosiy vositachi bo‘lgan. Hozircha KXDR harbiy harakatlari faqat Qursk viloyati bilan cheklangan. Agar Shimoliy Koreya qo‘shinlari Ukraina hududiga jo‘natilishi lozim bo‘lsa, bu qaror faqat Rossiya prezidenti Vladimir Putin va KXDR yetakchisi Kim Jong Unning shaxsiy ma’qullashi bilan amalga oshishi mumkin.





