
Shveysariya o‘z milliy ochiq kodli sun’iy intellekt modelini yaratdi
08.09.2025 | 08:2042003
Shveysariya «Apertus» nomli sun’iy intellekt modelini yaratdi. Bu ilk marta davlat darajasida ishlab chiqilgan ochiq kodli til modeli hisoblanadi.

Shveysariya sun’iy intellekt sohasida tarixiy qadam tashlab, «Apertus» deb nomlangan milliy ochiq kodli katta til modelini ishlab chiqdi. Bu model Shveysariyaning yetakchi ilmiy muassasalari — Lozanna federal texnologiya instituti (EPFL), ETH Syurix va Milliy superkompyuter markazi tomonidan yaratildi, deb yozmoqda Webtekno.
«Apertus»ning asosiy maqsadi — sun’iy intellektni faqat texnologik kompaniyalar monopoliyasidan chiqarib, uni jamoat manfaati uchun xizmat qiluvchi infratuzilma sifatida shakllantirishdir. Modelning o‘zi, ta’lim ma’lumotlari va manba kodlari to‘liq ochiq holda e’lon qilingan bo‘lib, u ilmiy tadqiqotchilar va kompaniyalar uchun huquqiy jihatdan qulaylik yaratadi.
Ayniqsa, Yevropa Ittifoqining qattiq ma’lumot muhofazasi qoidalari va Shveysariyaning bank maxfiyligi qonunlari hisobga olinsa, Apertus mahalliy muassasalar uchun jozibali yechimga aylanishi mumkin.
Ushbu til modeli 15 trln so‘zdan iborat katta miqdordagi ma’lumotlar asosida o‘qitilgan. U faqat yirik tashkilotlarga emas, balki tadqiqotchilar va havaskor dasturchilar uchun ham ochiq. Apertus chat-botlar, tarjima tizimlari, ta’lim platformalari va korporativ yechimlar yaratishda qo‘llanishi mumkin.
Ayni paytda Apertus modelining 8 milliard va 70 milliard parametrli ikki versiyasi Swisscom hamda Hugging Face platformalari orqali ochiq tarzda foydalanish uchun taqdim etilgan.





