
Sovet brendidan yangi model: «Moskvich 8» rasman sotuvga chiqarildi
22.07.2025 | 21:0019932
Rossiyada yangi «Moskvich 8» krossoverining rasmiy savdosi boshlandi. Model sayohat va ish safarlari uchun mo‘ljallangan oilaviy transport vositasi sifatida taqdim etilmoqda.

Rossiyada «Moskvich 8» krossoverining rasmiy sotuvi boshlandi. Bu haqda «Rossiyskaya gazeta» nashri xabar berdi. Avtomobilning boshlang‘ich narxi 2,98 million rublni ($38,000) tashkil etadi.
Qayd etilishicha, yangi model 1,5 litrli, 174 ot kuchiga ega turbomotor, 7 pog‘onali robotlashtirilgan uzatmalar qutisi va old g‘ildirakdan tortuvchi uzatma bilan jihozlangan. Barcha versiyalarda aynan shu texnik jihozlar taklif qilinadi.
Har bir versiyada xavfsizlik yostiqchalari, to‘liq LED faralar hamda old va orqa o‘rindiqlar isitgichi kabi zamonaviy funksiyalar bor.
Qimmatroq variantlarda funksiyalar kengayadi. Masalan, «Texno» versiyasida 360 gradusli kuzatuv kamerasi, uchinchi qator uchun alohida konditsioner bor. «Premium» versiyasida esa panoramali tom va avtomatik to‘xtash tizimlari mavjud.
Narxlar:
«Biznes» — $38 ming
«Texno» — $41 ming
«Premium» — $43 ming
Eslatib o‘tamiz, «Moskvich 8» ilk bor 2024 yil aprel oyida namoyish etilgan va u sayohat hamda ish safarlari uchun mo‘ljallangan oilaviy model sifatida taqdim etilgan edi.





